Jo'qorg'i Kenges Raisi Nukus shahri va Nukus tumani tadbirkorlari uchun qabul o'tkazdi
2456
Barchangizga ma'lum, bugungi kunda mamlakatimizda Muhtaram Prezidentimiz rahbarligida kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirishga, tadbirkorlarni har tomonlama qo'llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilib, bu borada keng ko'lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Joriy yilning 2-avgust kuni Qoraqalpog'iston Respublikasidagi O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining tadbirkorlar murojaatlarini ko'rib chiqish qabulxonasida Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesining Raisi M.Erniyazov Nukus shahri hamda Nukus tumani tadbirkorlari uchun qabul o'tkazdi.
Tadbirda sektor rahbarlari, vazirliklar, tashkilotlar, korxonalar, huquqni muhofaza qilish organlari, tijorat banklari rahbarlari hamda tegishli soha vakillari ishtirok etdi.
O'tkazilgan qabulda poytaxt va Nukus tumanida faoliyat yuritayotgan 50 nafardan ortiq tadbirkorlarning murojaatlari tinglandi.
Qabul davomida tadbirkorlar asosan imtiyozli kredit, er maydonini ajratish, kommunal xizmat ko'rsatish, bo'sh turgan imoratlarni “nol” bahoda sotib olish, yo'l qurilishi, zarurli texnikalarni sotib olish, soliq va bojxona imtiyozlari singari masalalarda murojaat qildi.
Murojaatlarning ma'lum qismi joyida o'z echimini topgan bo'lsa, atroflicha o'rganish va vaqt talab etiladigan masalalar bo'yicha tegishli soha rahbarlariga aniq topshiriqlar berildi hamda ijrosi nazoratga olindi.
Ma'lumot uchun, 26-27 iyul kunlari Jo'qorg'i Kenges Raisi Amudaryo, Beruniy, To'rtko'l, Ellikqal’a, Xo'jayli, Taxiatosh, Shumanoy, Qonliko'l tumanlarining tadbirkorlari bilan videokonferentsaloqa orqali qabul o'tkazgan edi.
