Orolga quyilishi kerak bo'lgan suv janadaryoning eski uzaniga oqmoqda yaxud uza.uz veb-saytida chiqqan tanqidiy materialga javob
1616
Joriy yilning 30 iyul kuni O'zbekiston milliy axborot agentligining veb-saytida “Orolga quyilishi kerak bo'lgan suv qaerga oqmoqda?” nomli tanqidiy maqola chiqdi. Mazkur maqolada ko'rsatib o'tilgan muammolar Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi rahbarligida Qoraqalpog'iston Respublikasi Suv xo'jaligi vazirligi, tuman hokimligi hamda tegishli mutassaddi tashkilotlar tomonidan tegishli tartibda o'rginib chiqildi.
Maqolada ko'tarilgan muammo bo'yicha mutasaddi tashkilotlar oldindan xabardor bo'lib, ushbu masalani ijobiy hal etish buyicha amaliy ishlar olib borilmoqda va echimlar qidirilmoqda.
Maqolada so'z etilgan “Aqchadaryo” kollektori O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004 yil 26 yanvardagi 37-sonli qarori asosida qurib bitkazilgan. Kollektor «O'zbekiston Drenaj loyihasi» asosida Qoraqalpog'istonning janubidagi sug'oriladigan ekin maydonlaridan chiqariladigan zah suvlarni olib chiqib ketish maqsadida amalga oshirilgan. Kollektor Jahon banki tomonidan ajratilgan 74,55 mln. AQSh dollari hisobidan 2004-2011 yillar davomida qazish ishlarini olib borilgan.
Kollektorning bosh loyihachisi «Mot-Mak Donald-Temelsu» qo'shma korxonasi «O'zgipromeliovodxoz» instituti bilan birgalikda ishlab chiqilgan. Ushbu ob’ektda O'zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo'jaligi vazirligining 2010 yil 16 dekabrdagi 221-sonli buyrug'i asosida ta'mirlash-tiklash, qurish va rekonstruktsiya qilish ishlari bajarilgan va Davlat qabul qilish komissiyalarining dalolatnomalariga asosan ekspluatatsiya tashkiloti tomonidan qabul qilingan.
Kollektorning ishga tushishi bilan Qoraqalpog'iston Respublikasining To'rtko'l, Beruniy va Ellikqal’a tumanlarining 100 ming gektar maydonining meliorativ holati yaxshilangan, va Beruniy va Qizilqum nasos stantsiyalari orqali Amudaryoga quyilib turgan zax suvlarning to'xtashiga olib kelingan. Bugungi kunda «Aqchadaryo» kollektori orqali Amudaryoning eski irmog'i bo'lgan Janadaryoga quyilib Orol dengiziga o'rtacha 15-20 m3/sek suv tushib turibdi.
Chorvachilikni rivojlantirish maqsadida yangidan qurilgan kollektorlarning har 5 km dan chorva mollarini o'tkazish maqsadida o'tish joylari (skotaprogon) va har 10-15 km dan ko'priklar qurildi.
Shuningdek, loyiha doirasida ushbu hudud fauna va florasini, baliqchilikni rivojlantirish maqsadida vetlandlar (kichik ko'llar) yaratildi. Janadaryoning eski o'zanida qum uyumlari hosil bo'lganligi sababli, suvlar ushbu to'siqlardan o'ta olmay ortga qaytib, yoyilib oqishi natijasida ushbu joylarda chorva mollari uchun o'simliklar dunyosi ham paydo bo'ldi.
Loyiha hisob-kitobiga kelsak, har bir tuman gidromoduliga asosan 100 ming gektar sug'oriladigan maydon hisobiga qarab, 1998-2002 yillardagi suv tanqisligi davrida olingan suv miqdorlari evaziga ishlab chiqilgan. Shuningdek, so'nggi ser suv yillari Ellikqal’a, Beruniy va To'rtkul tumanlarining qishloq xo'jaligi ekinlarining sug'orishga bo'lgan talabi ortishi natijasida sug'oriladigan erlardan sizot suvlarining chiqib ketishi ko'payib, vegetatsiya va sho'r yuvish davrida ushbu kollektorga maksimal darajada 40-50 m3/sek gacha suv kelib tushadi.
Maqaloda ko'tarilgan masalalarni ijobiy hal etish uchun kelgusi yillarda bir qator ishlarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda.
-Kollektor suvini ikki taraflama «Aqchadaryo» kollektorining chap tomonidan 137,5 (PK 1375+00) kilometrida aylanma eski soydan 15 m3/sek rastlovchi gidrotexnik qurilma orqali 114 km eski o'zanni yangidan qazib, suvni «Qarateren» ko'liga quydirish va boshqada kollektorlardagi suvlarni ushbu hududlardan zararsiz chiqarib yuborish (ushbu loyihani amalga oshirish maqsadida «UzGIP» MChJ loyiha instituti bilan birgalikda loyiha-qidiruv ishlari olib borilmoqda);
-Janubiy tumanlarda ma'lum miqdorda sholi ekin maydonlarini kamaytirish;
-Aholi roziligi bilan qabriston hududiga qum to'kish va har bir qabrga uzun qoziqlar qoqish, unga marhumlarning nomlarini yozish, ustiga qum uyush.
Ushbu ishlarni amalga oshirishda Qoraqalpog'iston Respublikasi Suv xo'jaligi vazirligi va Ellikqal’a tuman hokimligi bilan birgalikda zaruriy texnikalarni jalb qilgan holda tez kunlar ichida amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
A.MAMBETKARIMOV,
Qoraqalpog'iston Respublikasi
Suv xo'jaligi vazirining
birinchi o'rinbosari
