Yangi tug'ilgan bolalar uchun depozitlarni ochish tashabbusi ilgari surilmoqda
1086
Bosh qonunimizda O‘zbekiston ijtimoiy davlat ekani qat’iy belgilab qo‘yildi. Ushbu tamoyilning amaldagi ijrosi doirasida qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, ijtimoiy himoya masalalarini dolzarb vazifasi sifatida belgilagan O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi tashkilotlari va deputatlik birlashmalari ham ushbu yo‘nalishda bir qator tashabbuslarni ilgari surmoqda. Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo‘qorg'i Kengesidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraktsiyasi barcha yangi tug'ilgan bolalar uchun bolalar depozitini ochish bo‘yicha loyihani ishlab chiqib, fraktsiya yig'ilishida muhokama qildi. Ijtimoiy davlat maqomini mustahkamlash borasidagi sa'y-harakatlar doirasida yangi tug'ilgan bolani tarbiyalashda ota-onalarni qo‘llab-quvvatlash choralarini kuchaytirish maqsadga muvofiq. Buning uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish va ularni bolalarga uzoq muddatli sarmoya kiritishga yanada faol jalb qilishni rag'batlantiruvchi chora-tadbirlarni izlab topish zarur. Shu maqsadda Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo‘qorg'i Kengesi Raisining o‘rinbosari Rustam Saparbaev tomonidan ishlab chiqilgan “Barcha yangi tug'ilgan bolalar uchun bolalar depozitini ochish bo‘yicha loyiha” muhim ahamiyatga ega.
Agar ushbu loyiha davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlansa va dastlabki mablag‘ ajratish choralari ko‘rilsa, bunda bola voyaga yetganda shaxs sifatida shakllanishi, qobiliyatini rivojlantirish uchun mustaqil moliyaviy resurslarga ega bo‘lishini ta’minlashga imkon yaratiladi. Barcha yangi tug‘ilgan bolalar uchun "bolalar depozitini" ochish, bu depozitni ota-onalar, vasiylar yoki boshqa homiylar tomonidan qonun asosida bosqichma-bosqich to‘ldirish imkoniyatini ta’minlash hamda 18 yoshga to‘lganda, to‘plangan mablag‘larni foizlar bilan olish huquqini beradi.
Shuningdek, aholida uzoq muddatli investitsion tafakkurni bosqichma-bosqich shakllantiradi. Bu esa davlatdan yordam mablag'larini talab qilish va ijtimoiy yordamga qaramlik hissini kamaytiradi. O‘z navbatida, aholining jamg'armalarini yanada investitsiyalash va kapitalni o‘stirish hisobidan uni ko‘paytirishga moyillikni oshiradi. Muhimi, bosqichma-bosqich amalga oshiriladigan o‘zgarishlar “o‘lik pul” ko‘rinishidagi jamg'armalar hajmini qisqartirishga xizmat qiladi. Loyihaga ko‘ra, “bolalar depozitining” egasiga kelgusida voyaga etgan mehnatga layoqatli bolalarning ota-onalariga g'amxo‘rlik qilish uchun konstitutsiyaviy majburiyatlarini bajarish imkoniyati yaratiladi. Natijada mamlakatning “ijtimoiy davlat” sifatidagi imiji o‘sadi. Bundan tashqari, uzoq muddatda davlatning qo‘shimcha byudjet xarajatlari qo‘rinishidagi davlatning ijtimoiy yuki kamayadi. “Bolalar depoziti”ning egasi 18 yoshga to‘lgandan so‘ng ta'lim olishni davom ettirish, uy-joy va maishiy masalalarni hal qilish, to‘plangan mablag'larni keyinchalik investitsiya qilish yoki ulardan boshqa shaxsiy qonuniy maqsadlar uchun foydalanish kabi ehtiyojlari uchun bo‘sh moliyaviy resurslarga ega bo‘ladi. Yig'ilishda ishtirokchilar loyiha bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi dasturiga mos ekanini, partiya elektorati manfaatlariga xizmat qilishini e’tirof etdi. Masalani sessiya muhokamasiga olib chiqish bo‘yicha vazifalar belgilab olindi.