Respublika ishchi guruh tomonidan Beruniy tumanida sayyor qabul o‘tkazildi
992
Xurmatli Prezidentimiz topshirig'i bilan Qoraqalpog'iston Respublikasida fuqarolarning muammolarini o‘rganish va echimini topish bo‘yicha respublika ishchi guruhi tuzilib, bu borada joylarda sayyor qabullarni tashkil etish bo‘yicha vazifalar belgilangan edi. Bugun Beruniy tumanida Amudaryo, Beruniy, To‘rtko‘l va Ellikqal’a tumanlaridan kelgan fuqarolar uchun respublika sektor hamda vazirlik va tashkilotlar rahbarlari tomonidan murojaatlar va aholini qiynab kelayotgan muammolarga echim topish bo‘yicha sayyor qabul o‘tkazildi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Bosh prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi, Sog'liqni saqlash vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, Markaziy bank, Bojxona boshqarmasi, Soliq qo‘mitasi, Kadastr agentligi va boshqa idoralar rahbarlari ishtirok etdi. O‘tkazilgan qabulda sud-huquq tizimiga oid murojaatlar, tibbiy yordam ko‘rsatish, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ta'lim, bandlik, mahallalardagi infratuzilma, bank kreditlari va boshqa bir qator masalalar yuzasidan murojaatlar bildirildi.
Ta'kidlash joizki, qabulda fuqarolar tomonidan bildirilgan murojaatlarga joyida echim topish choralari ko‘rildi. Vaqt talab etiladigan murojaatlar nazoratga olinib, tez fursatda ijobiy hal etish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rish belgilandi.







