Xotin-qizlar forumi o‘tkazildi
1075
Bugun Nukus shahrida joylashgan "Oqqush" majmuasida "Orzudan muvaffaqiyatgacha..." shiori ostida Xotin-qizlar forumining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Z.Maxkamova, Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo‘qorg'i Kengesi Raisining o‘rinbosari R.Saparbaev, Vazirlar Kengashi Raisi o‘rinbosari - Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi M.Axmedova so‘zga chiqib, yig'ilganlarni qutladi. Ta'kidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Bu borada ular uchun yangi imkoniyatlar yaratilib, barcha soha va tarmoqlarda, jamiyatimizda xotin-qizlarning o‘rni ortib bormoqda.
Bugungi o‘tkazilgan forum ham bu boradagi ishlarning davomi bo‘lib, tadbirkor xotin-qizlar o‘rtasida o‘zaro muloqot muhitini yaratish va tajriba almashish, ayollar tadbirkorligini rivojlantirish va ularni tadbirkorlikka keng jalb etish, daromadlarini oshirishga ko‘maklashish va moliyaviy savodxonligini oshirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir. Albatta, o‘tkazilgan forum xotin-qizlar o‘rtasida tadbirkorlikni yanada keng ommalashtirish va ularning daromadini oshirish bo‘yicha yaqin muloqot uchun qulay muhit yarata oldi, desak, adashmagan bo‘lamiz.



