Qishloq xo‘jaligidagi yangi imkoniyatlar keng turda muhokama qilindi
782
Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo‘qorg'i Kengesi Raisining o‘rinbosari Rustam Saparbaev Nukus tumanidagi dehqon va fermer xo‘jaliklari rahbarlari bilan uchrashdi. Uchrashuvda dastlab, hurmatli Prezidentimizning "Qishloq xo‘jaligi maydonlaridagi qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalangan holda mahsulot etishtirishni ko‘paytirishga doir chora-tadbirlar to‘g'risida”gi qarorining mazmun-mohiyati keng tushuntirilib, qaror bilan yaratilgan imkoniyatlar, berilgan imtiyozlar qayd etildi.
Ta'kidlanganidek, qaror bilan dala chetlaridan samarali foydalangan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari etishtiruvchilarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ichki fitosanitariya sertifikati bir yil davomida bepul berilishi, dala chetlariga ekilgan «in-vitro» usulida yaratilgan mevali payvandtagli ko‘chatlarni sotib olish xarajatlarining 50 foizi miqdorida belgilangan tartibda subsidiya ajratilishi, dala chetini o‘zlashtirish va mahsulot etishtirish uchun zarur bo‘lgan urug', ko‘chatlar, mineral o‘g'itlar, kimyoviy preparatlar, moddiy-texnik resurslar bilan ta'minlanishi, suv bilan ta'minlash uchun nasos va quvurlarni o‘rnatish xarajatlarining 50 foizdan ko‘p bo‘lmagan qismiga kreditlar ajratilishi kabi imtiyozlar berilmoqda.
Tadbirda shuningdek, mavjud er resurslaridan samarali foydalanish, hosildorlikni oshirishda zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish, dala maydonlari chetlarida iqlimimizga mos, yuqori qo‘shilgan qiymatli ekin turlarini ekish, ishlab chiqaruvchilarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, mo‘l hosil olishni tashkil etish, ularni sug'orish tizimlari bilan ta'minlash kabi muhim masalalar haqida so‘z yuritildi. O‘tkazilgan tadbir davomida soha vakillarining fikr-mulohazalari tinglanib, amalgaoshiriladigan vazifalar belgilandi.









