Tibbiyot sohasida amalga oshirilgan ishlar tanqidiy ko‘rib chiqildi
1257
Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo‘qorg'i Kengesining qo‘mita raisi M.Atamuratov tibbiyot sohasida olib borilayotgan ishlarga bag'ishlangan majlis o‘tkazdi. Majlisda Sog'liqni saqlash vazirligi ma'muriyati, barcha tibbiyot muassasalari rahbarlari va mutasaddilari ishtirok etdi. Unda dastlab, mamlakatimizda tibbiyot sohasini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, bu borada qabul qilinayotgan qaror va farmonlar, soha muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash choralariga keng to‘xtalib o‘tildi.
Alohida ta'kidlash joizki, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan ko‘plab g'oyalar bugun hayot haqiqatiga aylanib bormoqda. Xususan, hurmatli Prezidentimizning "Toshkentda bor barcha zamonaviy tibbiy xizmatlar Nukusda ham yo‘lga qo‘yiladi" degan so‘zlari bugun amalda o‘z tasdig'ini topmoqda. Majlisda shuncha imkoniyatlar yaratilishiga qaramasdan, tibbiyot muassasalarini oliy ma'lumotli malakali kadrlar bilan ta'minlash, onalar va bolalar salomatligini saqlash va o‘limining oldini olish, onkologik kasalliklarni erta bosqichda aniqlash ishlaridagi kamchiliklar uchrayotganiga alohida to‘xtalib o‘tildi. Shu bilan birga, ayrim shifokorlar tomonidan o‘z manfaati uchun bemorlarga qimmat narhagi dori-darmonlarni taqdim etish, tibbiyot muassasalarida sanitariya holatlari bilan bog'liq kamchiliklar aniqlangani, shuningdek, sohada korruptsiya holatlari hamon davom etayotgani, turli jinoiy harakatlar sodir etilgani, byudjet mablag'larini talon-toroj qilish holatlari borligi jiddiy tanqid qilindi.
Majlis davomida o‘z vazifasini lozim darajada bajarmagan va xato-kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan soha rahbarlariga nisbatan qat’iy jazo choralarini qo‘llash bo‘yicha topshiriq berildi.


