Nukusda ilk bor dual ta'limni tashkil etishning ahamiyatiga bag'ishlangan respublika forumi tashkil etildi
1187
Bugun, 28 fevral kuni Nukus shahrida Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) bilan hamkorlikda “Dual ta'limni tashkil etishning afzalliklari” mavzusidagi respublika forumi bo‘lib o‘tdi. Birinchi marta tashkil etilgan forumda Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo‘qorg'i Kengesining qo‘mita raisi M.Atamuratov, Qoraqalpog'iston Respublikasi Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vaziri B.Qayipbergenov, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) loyiha maslahatchisi Hiris Kristian, O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Professional ta'lim integratsiyasi boshqarmasi boshlig'i F.Masharipov, Qoraqalpog'iston Respublikasida faoliyat yuritayotgan professional ta'lim tashkilotlari, vazirlik va korxonalar mutasaddilari ishtirok etdi.
Forum ishtirokchilari dastlab professional ta'lim tashkilotlarida dual ta'limni yo‘lga qo‘yish borasida amalga oshirilayotgan ishlar va ularning natijalari bo‘yicha tashkil etilgan ko‘rgazma bilan tanishdi. Tadbirda so‘zga chiqqanlar mamlakatimizda yoshlarning kasblar va mutaxassisliklarni egallashga bo‘lgan qiziqishini qo‘llab-quvvatlash uchun keng imkoniyatlar yaratish, shu bilan birga, professional ta'lim tizimida dual ta'limni tashkil etish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtalib o‘tdi. Dual ta'lim – iqtisodiyotni rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega istiqbolli yo‘nalish hisoblanib, o‘quvchi-yoshlarga ta'limni o‘z yo‘nalishiga mos keladigan tashkilotda ishlash bilan birgalikda olib borish imkonini beruvchi tizimdir. Bunda yoshlar 2-3 kun ta'lim muassasasida nazariy bilimlarni egallasa, 3-4 kun davomida korxona va tashkilotlarda haqiqiy ish jarayonida amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘ladi. Ahamiyatlisi, dual ta'lim shaklida tahsil olayotgan o‘quvchilar korxona va tashkilotlarga ishga qabul qilingan vaqtda ularga korxona tomonidan ustoz biriktiriladi va ish haqi to‘lanadi. Ayni paytda ushbu tizim Germaniya, Avstriya, Shveysariya va Koreya Respublikasi kabi davlatlarda iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Forumda ma'ruzachilar respublikamizda dual ta'limni rivojlantirish istiqbollari, bu borada Germaniya davlatining tajribasi, dual ta'limda o‘quvchi, korxona, ta'lim muassasasi va mamlakatning hamkorlikdagi ishlari haqida ma'lumotlar berdi. Ta'kidlash joizki, Qoraqalpog'iston Respublikasida bugungi kunda 31 ta professional ta'lim tashkilotida 745 ta korxona va tashkilotlar bilan hamkorlikda dual ta'lim yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ularda 1716 nafar o‘quvchi kasb va mutaxassislik sirlarini o‘rganmoqda. Bu boradagi samaradorlikni oshirish maqsadida kelgusida Amudaryo, Qorao‘zak, Qo‘ng'irot tumanlari va Nukus shahridagi texnikumlarda 10 dan ortiq kasb va mutaxassislik turlari bo‘yicha dual ta'limni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, bu orqali dual ta'limga qamrov darajasini 3000 nafar o‘quvchiga, ularda o‘rgatiladigan kasblar sonini 20 ga, hamkor korxona va tashkilotlar sonini 1000 ga etkazish rejalashtirilganligi ta'kidlandi. Forum doirasida professional ta'lim tashkilotlari bilan vazirlik va korxonalar o‘rtasida dual ta'limni yo‘lga qo‘yish borasida hamkorlik bo‘yicha tegishli shartnomalar imzolandi. Forum dual ta'limni amaliyotga keng joriy etishning ahamiyati, bu borada mavjud muammolar va ularning echimlari, sohada kelgusida amalga oshiriladigan ishlar muhokamasi va savol-javoblar bilan davom etdi.





