Ellikqal’ada bir kunda uchta maktabgacha ta’lim tashkiloti foydalanishga topshirildi
1142
Yurtimizda hurmatli Prezidentimiz tomonidan barcha sohalar qatori ta’lim sohasiga ham alohida e’tibor qaratilib, bu borada keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Shu asosda bolalarni maktabgacha ta’limga qamrab olish ishlari yangi bosqichga ko‘tarilib, eng olis, chekka hududlarda ham yangi bog‘chalar barpo etilayotir. Ana shunday ezgu ishlarning davomi sifatida Prezidentimizning 5246-sonli qarori asosida Ellikqal’a tumanining «Paxtachi», «Cho‘pon» mahalla fuqarolar yig‘inlarida 36-hamda 37-davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari yangidan qurildi. Shuningdek, «Qilchinoq» ovul fuqarolar yig‘inida «Sapargүl, Dilfuza, Shirinay» maktabgacha ta’lim tashkiloti davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etildi. Yangidan qad rostlagan ushbu imoratlar bugun tantanali ravishda foydalanishga topshirildi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining qo‘mita raisi M.Atamuratov so‘zga chiqib, yangi binolarning xalq farovonligi yo‘lida foydalanishga topshirilishi munosabati bilan yig‘ilganlarni tabrikladi.
Ta’kidlanganidek, yangidan foydalanishga topshirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotlari hudud bolalarining ilg‘or fikrli, sog‘lom va yurtimiz ravnaqi yo‘lida fidokorona xizmat qiladigan navqiron avlod bo‘lib yetishishiga xizmat qiladi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Moliya va Iqtisodiyot vazirligi huzuridagi Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish loyihasi bo‘yicha direktor o‘rinbosari R.Usmanov, Vazirlar Kengashi Raisining o‘rinbosari B.Otemuratov, tuman hokimi V.Niyazimbetovlar ishtirok etdi.

