«O‘zbekiston-Xitoy» biznes forumi o‘tkazildi
1176
Bugun Nukus shahridagi «Oq qush» majmuasida joylashgan dunyodagi eng katta o‘tovda «O‘zbekiston-Xitoy» biznes forumi bo‘lib o‘tdi. Forumda Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo‘qorg'i Kengesining Raisi Amanbay Orыnbaev so‘zga chiqib, ikki davlat rahbarlari o‘rtasida o‘rnatilgan do‘stlik munosabatlari yaqin sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga asos bo‘lib xizmat qilayotganini, shuningdek, Qoraqalpog'istonda investorlar uchun yaratilgan sharoitlar, Prezidentimiz tomonidan tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha Qoraqalpog'iston uchun alohida berilgan imtiyozlar haqida keng turda ta'kidlab o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari I.Haydarov, Vazirlar Kengashi Raisi F.Ermanov, Xitoy Xalq Respublikasidan kelgan, biznes davrasi vakillaridan iborat delegatsiya, mahalliy tadbirkorlar, mutasaddi rahbarlar ishtirok etdi. O‘tkazilgan forumda respublikamizning investitsion jozibadorligi, yangi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha mavjud imkoniyatlar, resurslar salohiyati va boshqa muhim yo‘nalishlar haqida so‘z yuritildi.
Forum investitsion imkoniyatlarni muhokama qilish, tadbirkorlik aloqalarini o‘rnatish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun o‘ziga xos maydonga aylandi va bir qator muhim kelishuvlarga erishildi. Tadbir doirasida mintaqa iqtisodiyotining istiqbolli tarmoqlari bo‘yicha panel muhokamalari, «B2B» uchrashuvlari va taqdimotlar o‘tkazildi.





