Orol madaniyat sammitini yuqori saviyada o‘tkazish to‘g'risida
721
Orolbo‘yi mintaqasida qulay tabiiy muhit yaratish, hududning noyob madaniyati va tarixiy merosini asrab-avaylash hamda keng ommalashtirish, ushbu yo‘nalishlarda ilmiy-tadqiqot ishlari, innovatsion loyihalar va ijodiy tashabbuslarni amalga oshirish uchun xalqaro hamkorlik va muloqotni yanada kengaytirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan:
2025 yildan boshlab har o‘n sakkiz oyda – bahor yoki kuz fasllarida Orol madaniyat sammiti (keyingi o‘rinlarda – Sammit)ni o‘tkazib borish yo‘lga qo‘yiladi.
Birinchi Orol madaniyat sammiti Samarqand iqlim forumi bilan uyg'un holda 2025 yil 4-6 aprel kunlari Samarqand va Nukus shaharlarida o‘tkaziladi.
Orolbo‘yida va dunyoning boshqa mintaqalarida yuzaga kelgan ekologik muammolarni muhokama qilish hamda oqilona echimlarni taqdim etish uchun global platforma yaratiladi;
Orolbo‘yi muammolarini hal etishda fanlararo yondashuvni rivojlantiriladi;
Barqaror echimlar va strategiyalar yaratishga qaratilgan ta'lim dasturi asosida Orol maktabi tashkil etiladi;
Zamonaviy texnologiyalar va an’anaviy me’morchilik asosida “Istiqlol” madaniyat va istirohat bog'i, bog' hududida joylashgan bolalar kutubxonasini qayta barpo etiladi hamda ulardan samarali foydalanish yo‘lga qo‘yiladi;
Etakchi mahalliy va xorijiy mutaxassislar hamda tashkilotlar bilan hamkorlikda Orolbo‘yi mintaqasida suv va tuproq tadqiqotlari olib boriladi;
Orolbo‘yi hududining tuproq va iqlim sharoitiga mos bo‘lgan qishloq xo‘jaligi ekinlarini o‘rganishga ixtisoslashgan laboratoriya platformasi yaratiladi hamda u mazkur yo‘nalishda amalga oshiriladigan ilmiy tadqiqotlarning o‘quv-amaliyot maydoniga aylantiriladi;
Orolbo‘yi mintaqasida asrlar davomida shakllangan noyob madaniyat va an’analarni saqlash, himoya qilish va keng ommalashtirish ishlari jadallashtiriladi;
Xalqaro miqyosda doimiy muloqotlar, amaliyotlar, seminarlar, tadqiqot dasturlari tashkil etiladi.