Nukus davlat pedagogika institutida yangi ob’ektlar foydalanishga topshirildi
785
Joriy yilning 29-mart kuni Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida yangi qurib bitkazilgan talabalar turar joyi, sport majmuasi va katta sport maydonlarining foydalanishga topshirilishiga bag'ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining o‘rinbosari B. Otemuratov va O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vaziri Q. Sharipovlar ishtirok etdi.
Tantanali tadbirda so‘zga chiqqanlar yangi ob’ektlarning Navro‘z umumxalq bayrami va Ramazon hayiti arafasida foydalanishga topshirilishi institut jamoasi uchun bayram sovg'asi bo‘lganligini alohida ta'kidladi. Ayni paytda institutda 16 mingga yaqin talaba tahsil olayotgan bo‘lib, ulardan 1700 ga yaqin yoshlar talabalar turar joylariga qamrab olingan. Institutning yangi qurib bitkazilgan 3-sonli talabalar turar joyi 500 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, yoshlarning talabalar turar joyiga bo‘lgan ehtiyojini qondirishga xizmat qiladi. Talabalar turar joyi qurilishi uchun institutning byudjetdan tashqari mablag'lari hisobidan 23 milliard 704 million so‘m mablag' ajratildi va qurilish ishlari sifatli ravishda olib borildi. Bu erda talabalarning o‘qishdan bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlari uchun barcha sharoitlar mavjud. Xususan, axborot-resurs va IT markazlari, xorijiy tillarni o‘rganish va tikuvchilik to‘garaklari, shaxmat klubi, ma'naviyat xonalari yoshlarning bilim va qobiliyatlarini oshirishga xizmat qilishi shubhasiz. Shu bilan birga, nogironligi bo‘lgan talabalar uchun ham maxsus xonalar ajratilib, zarur qulayliklar yaratilgan. Tadbir doirasida institutning futzal, gandbol va basketbol sport turlariga ixtisoslashgan zamonaviy sport majmuasining ramziy tasmasi ham kesilib, foydalanishga topshirildi. Foydalanishga topshirilgan mazkur sport majmuasining qurilish-rekonstruktsiya ishlari uchun institutning byudjetdan tashqari mablag'lari hisobidan 4 milliard 438 million so‘m ajratildi. Tantanali tadbir doirasida institutning futbol, engil atletika va basketbol sport turlariga ixtisoslashgan katta sport maydoni ham foydalanishga topshirildi. Umumiy 300 ta tomoshabin o‘rniga mo‘ljallangan sport maydoni institutning yangi o‘quv binosi ortidagi bo‘sh turgan er maydonida barpo etilgan bo‘lib, bu erda 6 milliard 199 million so‘mlik qurilish-ta'mirlash ishlari qo‘li gul quruvchilar tomonidan olib borildi. Ushbu sport inshootlari institutda sport bilan muntazam shug'ullanadigan talaba-yoshlar sonini yanada oshirishga xizmat qiladi. Tadbir ishtirokchilari foydalanishga topshirilgan yangi ob’ektlarda yaratilgan sharoit va imkoniyatlar bilan tanishdi.

