Xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va og'zibirchilik tarannum etildi
1105
Bugun Nukus shahridagi Do‘stlik kanali bo‘yida Xalqlar do‘stligi bayrami o‘tkazildi. Unda Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo‘qorg'i Kengesining Raisi Amanbay Orыnbaev so‘zga chiqib, yig'ilganlarni yurtimizda yanada keng turda davom etayotgan "Navro‘z" ayyomi, muborak Ramazon hayiti hamda bugungi og'izbirchilik, do‘stlik bayrami bilan tabrikladi.
Ta'kidlash joizki, bugungi kunda yurtimizda hurmatli Prezidentimiz rahbarligida millatlararo totuvlikni mustahkamlashga, xalqlar o‘rtasida o‘zaro og'izbirchilikni ta'minlashga, ular o‘rtasida bag'rikenglik va mehr-oqibat muhitini yanada kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilib, bu borada keng ko‘lamli choralar olib borilmoqda. Bugun Tojikistonning Xo‘jand shahrida O‘zbekiston, Qirg'iziston va Tojikiston Prezidentlari ishtirokida tarixda ilk bor uch tomonlama sammit bo‘lib o‘tmoqda. Albatta, ushbu sammit qo‘shni davlatlar bilan mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashda muhim qadam bo‘lib, Markaziy Osiyoda xavfsizlik, barqarorlik va farovon hayot tarzini ta'minlashga xizmat qiladi.
Shuni ham alohida ta'kidlash kerakki, bugungi kunda yurtimizda turli millat va elat vakillari ahil-inoq yashab, yurtimiz taraqqiyoti yo‘lida o‘zining munosib hissasini qo‘shib kelmoqda. O‘tayotgan sammit bilan hamohang o‘tkazilgan Do‘stlik bayrami ana shunday xalqlar do‘stligi va og'izbirchiligini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda va bunday tadbirlar yana davom ettirilishi shubhasiz. Bugungi bayram tantanasida san’at va madaniyat xodimlari ijrosidagi xalqlar do‘stligini tarannum etuvchi kontsert dasturi yig'ilganlar e’tiboriga havola etildi.
Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo‘qorg'i Kengesi Axborot xizmati
















