Koreya davlatida hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda
573
Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo‘qorg'i Kengesining qo‘mita raisi M.Atamuratov hozirgi vaqtda Koreya Respublikasida bo‘lib turibdi. Ushbu mamlakatga tashrif davomida dastlab Bumhan Unisollutions kompaniyasi vakillari bilan muzokaralar olib borildi. Unda qayta tiklanuvchi energiyadan samarali foydalanish, yangi texnologiyalarni joriy etish, IT sohasini rivojlantirish va ishsiz fuqarolarni kasbga yo‘naltirish bo‘yicha fikr almashildi. Shuningdek, ikki tomonlama hamkorlikni yo‘lga qo‘yish orqali yangi loyihalar ustida birga ishlash, yaqin sheriklik munosabatlarini mustahkamlash va boshqa shu kabi dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Bundan so‘ng Sungshin ayollar universiteti vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi. Muzokaralarda Qoraqalpog'istondagi oliygohlar bilan hamkorlikni, xususan, Qoraqalpoq davlat universiteti bilan koreys tilini o‘rganish bo‘yicha ishlarni yo‘lga qo‘yish masalalari bo‘yicha so‘z bordi. Shuningdek, talabalar o‘zaro tajriba almashishi uchun sharoit yaratish maqsadida Qoraqalpog'istonda yozgi oromgohlar tashkil etish va Koreya davlatidan talabalar va professor-o‘qituvchilarni jalb etish, bu orqali hudud turizmi rivojiga ham hissa qo‘shish bo‘yicha fikr almashildi. Uchrashuv davomida o‘quv yurti bilan birga koreys tilini o‘rganishni ommalashtirish borasida maxsus kutubxonaga ega markaz tashkil etish, shu asosda til o‘rganish kurslarini muvaffaqiyatli tamomlagan talabalarning Koreya davlatidagi oliy o‘quv yurtlarida bilim va tajribalarini oshirishi uchun sharoit yaratish borasida kelishib olindi.


