O‘zbekiston va Yaponiya «yashil» transformatsiya jarayonlarini amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik qiladi
541
Yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov hamda Yaponiyaning «Panasonic» korporatsiyasi MDH bo‘yicha mintaqaviy direktori Koji Terajima boshchiligidagi delegatsiya o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqot davomida tomonlar O‘zbekistonda «yashil» iqtisodiyotni rivojlantirish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusi rejalar bo‘yicha fikr almashdi. Shuningdek, «yashil» transformatsiya jarayonlarini qo‘llab-quvvatlash hamda zamonaviy loyihalarni tatbiq etish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda ijtimoiy ob’ektlar va binolarni isitishda «yashil» energiya manbalaridan foydalanish masalasi muhokama qilinib, bu boradagi imkoniyatlar o‘rganildi. Shuningdek, binolarning energiya samaradorligini oshirish, sohada zamonaviy yashil texnologiyalarni joriy etish, jumladan, issiqlik nasoslari va energiya tejovchi texnologiyalardan keng foydalanish bo‘yicha takliflar bildirildi. Ichimlik suvini tejovchi va tozalovchi zamonaviy texnologiyalardan samarali foydalanish yuzasidan ham fikr almashildi.
Vazirlik axborot xizmatiga ko‘ra, «Panasonic Corporation» dunyodagi etakchi elektronika va texnologiya kompaniyalaridan biri bo‘lib, iste’molchi elektronika mahsulotlari, avtomobil komponentlari, sanoat tizimlari va yashil energiya echimlarini ishlab chiqaradi. Kompaniya «Panasonic Green Impact» strategiyasi doirasida uglerod neytralligiga erishishni maqsad qilib, ekologik toza texnologiyalarni rivojlantirishga katta e’tibor qaratmoqda.
Muzokaralar yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini mustahkamlash va sohani yanada rivojlantirish yuzasidan fikr almashish jarayonlarini kengaytirishga kelishib oldi.