Qoraqalpog'iston Respublikasi Konstitutsiyasining 32 yilligiga bag'ishlandi
933
Bugun, 3 aprel kuni Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida Qoraqalpog'iston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 32 yilligiga bag'ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Tantanali tadbir O‘zbekiston va Qoraqalpog'iston Respublikalarining davlat madhiyalari bilan boshlandi. Unda Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo‘qorg'i Kengesi Raisining o‘rinbosari R.Saparbaev Bosh Qomusimizda belgilangan normalarning hayotimizda tutgan o‘rni, so‘nggi yillarda mamlakatimizda ta'lim sohasi, jumladan, yoshlarning oliy ma'lumotli bo‘lishi uchun yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlar haqida ma'lumotlar berdi.
Shu bilan birga, Qoraqalpog'iston Respublikasi sudining raisi K.Tarixov Qoraqalpog'iston Respublikasi Konstitutsiyasining qabul qilinishi tarixi, unga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar haqida so‘zlab berdi. Qoraqalpog'iston Respublikasi Ichki ishlar vaziri B.To‘rebekov mamlakatimizda Konstitutsiyamiz asosida qonun ustuvorligini ta'minlash, bunda “Inson qadri hamma narsadan ulug'” tamoyiliga amal qilish, fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasidagi ishlarning ahamiyatiga to‘xtaldi. Ta'kidlanganidek, konstitutsiya – har bir davlatning tarixi, buguni va kelajagi, xalqning xohish-irodasini o‘zida aks ettiruvchi asosiy qonun hisoblanadi. Konstitutsiya amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar va ularning qonunchilik asoslarini yaratishning bosh huquqiy asosi, inson huquq va erkinliklarining ishonchli himoyasi kafolatidir.
Bosh Qomusimizda barcha normalar eng avvalo inson huquq va manfaatlarini kafolatlagan holda, inson – jamiyat – davlat tamoyili asosida ishlab chiqilgan. So‘zga chiqqanlar yig'ilganlarni Qoraqalpog'iston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 32 yilligi bayrami bilan tabriklab, mamlakatimizda qonun ustuvorligini ta'minlash, yoshlarning huquqiy savodxonligi va madaniyatini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘zlab berdi.




