Bosh qonunni yaxshi bilish va unga amal qilish maqsadga muvofiqdir
926
9 aprel – Qoraqalpog'iston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti Nukus filialida 9 aprel – Qoraqalpog'iston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 32 yilligi munosabati bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Tantanali tadbir O‘zbekiston va Qoraqalpog'iston Respublikalarining davlat madhiyalari bilan boshlandi. Tadbirda Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo‘qorg'i Kengesining qo‘mita raisi Sh.O‘temisov, prokuratura va sud organlaridan mas’ul rahbarlar, filialning professor-o‘qituvchilari va talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Tadbirni filial direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari B.Utemuratov olib bordi. Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo‘qorg'i Kengesining qo‘mita raisi Sh.O‘temisov so‘zga chiqib, tadbir ishtirokchilarini Qoraqalpog'iston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 32 yilligi bilan samimiy tabriklab, xalq farovonligini ta'minlashda – Konstitutsiyaning o‘rni va ahamiyati yuqori ekanligiga alohida to‘xtaldi. So‘zga chiqqanlar ma'ruzalarida ta'kidlanganidek, Konstitutsiya davlatning asosiy qonunidir. Mamlakat kelajagi ushbu hujjatda o‘z ifodasini topgan. Bugungi kunda mamlakatimizda yuz berayotgan yangilanishlar, demokratik huquqiy davlat qurish, adolatli fuqarolik jamiyatini shakllantirish yo‘lida erishayotgan yutuqlarning barchasi Konstitutsiyada ko‘rsatilgan asosiy tamoyillarning hayotga to‘liq tatbiq etilishi bilan bog'liq. Tadbirda har bir fuqaro, ayniqsa, yoshlarimiz Bosh qomusimizda ko‘rsatilgan har bir moddani yaxshi bilishi va unga amal qilishi, yurtimiz kelajagi uchun bor kuch-g'ayratini safarbar etib harakat qilishi, taraqqiyot yo‘lidagi ulug' maqsadlarga muvofiqligi alohida ta'kidlanib, fikr-mulohazalar bildirildi.

