Qoraqalpog'iston delegatsiyasining Koreya davlatiga tashrifi davom etmoqda
851
Koreya davlatida xizmat safarida bo‘lib turgan Qoraqalpog'iston delegatsiyasi The Academy of Roen Studies vakillari bilan uchrashdi. Unda magistratura, doktorantura yo‘nalishlarida ilmiy tadqiqotlar olib borish bo‘yicha muloqot bo‘lib o‘tdi. Shuningdek, Qoraqalpoq davlat universiteti va O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Qoraqalpog'iston bo‘limida tadqiqot ishlarini olib borayotgan ilmiy tadqiqotchilarning tajribasini oshirish maqsadida 1 oydan 6 oygacha o‘quv kurslarini tashkil etish, magistrant va doktorantlarning tadqiqotlari bo‘yicha Koreya davlatida tajriba almashish bo‘yicha muzokaralar olib borildi.
Bundan tashqari, Fanlar akademiyasi Qoraqalpog'iston bo‘limida ilmiy-tadqiqot ishlari samaradorligini oshirish maqsadida maxsus arxeologik qazilmalarni o‘rganadigan laboratoriyalar tashkil etish va yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, Qoraqalpog'istonlik talabalar uchun Koreyadagi o‘quv yurtlari va Fanlar akademiyasida maxsus grant o‘rinlari ajratish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Bundan so‘ng chiqindilarni qayta ishlash bilan shug'ullanuvchi Bioltec kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi. Unda mahalliy hamkorlar bilan birga Qoraqalpog'istonda maishiy chiqindilarni qayta ishlash orqali biogaz olish yo‘nalishida maxsus zavod qurish, olingan biogazni issiqxonalarni isitish uchun keng turda foydalanish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Tashrif davomida Koreyaning Agency Korean IT Welfare IT kompaniyasi vakillari bilan muzokaralar olib borildi. Unda Qoraqalpog'istondagi oliy o‘quv yurtlari talabalari uchun onlayn til o‘rgatish va IT bo‘yicha onlayn darslar o‘tkazish bo‘yicha kelishib olindi. Shuningdek, Nukus shahrida eskirgan maishiy texnikalarni qayta ishlashni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ham kelishuvga erishildi.




