BMTning O‘zbekiston Respublikasidagi doimiy koordinatori bilan uchrashuv o‘tkazildi
995
Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo‘qorg'i Kengesining Raisi Amanbay Orыnbaev BMTning O‘zbekiston Respublikasidagi doimiy koordinatori Sabina Maxl bilan uchrashdi.
Unda dastlab Jo‘qorg'i Kenges Raisi so‘nggi yillarda hurmatli Prezidentimizning Qoraqalpog'istonga bo‘lgan alohida e’tibori bilan qabul qilingan qaror va farmonlar asosida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari haqida ta'kidlab o‘tdi.
Shuningdek, Birlashgan Millatlar tashkiloti bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan ishlar, turizmni rivojlantirish borasidagi hamkorlik, madaniy meros ob’ektlariga e’tiborni kuchaytirish, ularni asrab-avaylash, o‘tmishdan darak beruvchi tarixiy obidalar, ko‘p asrlik madaniyatimiz va milliyligimiz durdonalarini e’zozlash, ularning YuNESKO merosi ro‘yxatiga kiritilishini ta'minlash, ilm-fan, madaniyat yo‘nalishlarida hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Shu bilan birga, milliy merosimiz bo‘lgan ijrochilik san’atining eng sara namunalari hisoblangan baxshichilik, jirovchilik, qissaxonlik, opera san’atlari bizda keng rivojlanganligi, so‘nggi yillarda musiqiy merosimiz bo‘lgan Qo‘biz va jirovchilik an’analarini muhofaza qilishga hamda jirovchilik san’atini yanada rivojlantirishga yuqori e’tibor qaratilayotgani alohida ta'kidlandi.
Ta'kidlash joizki, hurmatli Prezidentimizning alohida topshirig'i bilan Qora uyni (Qoraqalpoq o‘tovi) YuNESKOning nomoddiy madaniy meroslari ro‘yxatiga, Qo‘biz cholg'usini esa YuNESKOning muhofaza ro‘yxatiga kiritish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Xususan, amaliy ishlar doirasida Qoraqalpog'istonning madaniy merosini asrab-avaylash va kelajak avlodlar uchun saqlab qolish maqsadida YuNESKO xalqaro tashkiloti tomonidan Qo‘biz cholg'u asbobi hamda jirovchilik merosi haqida hujjatli film tayyorlandi.
Uchrashuv yakunida Jo‘qorg'i Kenges Raisi hamkorlikni yanada kengaytirish borasida respublika rahbarlari doimo tayyor ekanligini va har qanday taklif qo‘llab-quvvatlanishini ta'kidladi.


