«Orol turizmi» xalqaro haftaligi doirasida «Orolbo‘yi ezgu niyat elchilari» xalqaro konferentsiyasi o‘tkazildi
567
Nukus shahrida «Orol turizmi» xalqaro haftaligi doirasida «Orolbo‘yi ezgu niyat elchilari» xalqaro konferentsiyasi bo‘lib o‘tdi. Konferentsiyada Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Bosh prokuratura, Turizm qo‘mitasi vakillari, shuningdek, ekologiyaga oid institutlar, ta'lim muassasalari mutaxassislari, xorijlik ekspertlar va boshqalar ishtirok etdi.
Unda Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashining Raisi F.Ermanov hududda “yashil qoplamalar” — himoya o‘rmonzorlarini barpo etish maqsadida amalga oshirilayotgan ishlarga alohida to‘xtaldi.
Ta'kidlab o‘tilganidek, 2018-yilning dekabr oyidan boshlab Orol dengizining suvi qurigan tubida cho‘l o‘simliklari urug'lari va nihollarini ekish ishlari amalga oshirib kelinmoqda. Jumladan, o‘tgan 2018–2024-yillarda jami 1,8 mln. gektardan ortiq maydonda saksovul va boshqa cho‘l o‘simliklaridan iborat yangi o‘rmonzorlar barpo etildi hamda ushbu ishlarni amalga oshirishda 7 ming tonnadan ortiq cho‘l o‘simliklari urug'lari ekildi. Bu boradagi ishlar har yili yuqori daraja uyushqoqlik bilan davom ettiriladi.
Tadbirda Orol muammosi oqibatlarini yumshatish, Orolbo‘yi aholisi turmushini yaxshilash borasida xalqaro darajada amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha qator soha mutaxassislari ma'ruza qildi. Konferentsiyada mutaxassislar tomonidan Orolbo‘yida yashil qoplamalarni ko‘paytirish, sho‘rlanishni kamaytirish, cho‘llanishning oldini olish, hudud aholisining turmush tarzini yaxshilash, bu borada ta'limni kuchaytirish va malakali kadrlar tayyorlash, iqlim o‘zgarishi masalalari kabi dolzarb ekologik loyihalarga e’tibor qaratildi.


