Qoraqalpog'istondagi o'zgarishlar odamlar qalbida hayotga, kelajakka katta umid uyg'otmoqda
4639
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, yirik loyihalar ijrosi bilan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida 20 avgust kuni Qoraqalpog'iston Respublikasiga tashrif buyurdi.
Davlatimiz rahbari Mo'ynoq tumanida Amudaryo deltasida kichik suv havzalari barpo etish bo'yicha olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi. 2019-2022 yillarga mo'ljallangan bu yo'nalishdagi loyiha suv havzalarini samarali boshqarish orqali hudud ijtimoiy-iqtisodiy holatini yaxshilashga qaratilgan.
Prezidentimiz hududda chorvachilik va baliqchilikni rivojlantirish orqali ish o'rinlari, aholi daromadini ko'paytirish bo'yicha ko'rsatmalar berdi.
Ta'kidlash joizki, davlatimiz rahbarining Mo'ynoqni iqtisodiy rivojlantirish, Orol fojiasidan aziyat chekkan hudud aholisi hayotini yaxshilash bo'yicha ilgari surgan tashabbusi doirasida keyingi yillarda bu erda ulkan ishlar bajarildi. O'tgan yil noyabr oyidagi tashrif chog'ida belgilangan vazifalardan kelib chiqqan holda hukumatning Mo'ynoq tumanini jadal kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi qabul qilindi. Unda 2019-2021yillarda jami 1 trillion 485 milliard so'mlik qurilish-ta'mirlash ishlarini amalga oshirish nazarda tutilgan.
Mazkur hujjat ijrosi doirasida qisqa vaqtda qator ob’ektlar foydalanishga topshirildi. Jumladan, tuman markazida 800 o'rinli amfiteatr, davlat xizmatlari markazi, musiqa va san’at maktabi, sport zali, yopiq basseyn qurildi, madaniyat markazi va stadion, "Bozatau" ovul fuqarolar yig'inidagi oilaviy poliklinika rekonstruktsiya qilindi.
"Mo'ynoq porloq teks" MChJ joriy yil iyul oyida tikuvchilik korxonasi tashkil etib, 350 kishini ish bilan ta'minladi. Zamonaviy tikuv mashinalari o'rnatilgan yangi korxona yiliga 1 million dona tayyor tikuvchilik va trikotaj mahsuloti ishlab chiqarish quvvatiga ega. Hozirgi kunda choyshab, ko'rpa jildlari va maxsus ish formalari tikilmoqda. Shu erda savdo do'koni tashkil etilgan. Yangi qurilayotgan uylardan korxona ishchilari uchun xonadonlar ajratilgan.
Shavkat Mirziyoev mazkur korxona faoliyati bilan tanishdi, ishchilar bilan suhbatlashdi.
– Mo'ynoqda ro'y berayotgan o'zgarishlar, ko'zlaringizdagi hayotdan mamnunlik kishini quvontiradi. Bu uzoq-uzoq hududlarga borib qilayotgan ishlarimiz natijasidir. Agar kimdir bizning islohotlarimizga shubha qiladigan bo'lsa, Mo'ynoqqa kelib ko'rsin, – dedi Prezident.
Davlatimiz rahbari mutasaddilarga korxona faoliyatini kengaytirish, mahsulot turini ko'paytirish bo'yicha ko'rsatmalar berdi.
Bir paytlar Mo'ynoq baliqchilik sanoati bilan mashhur bo'lgan. Shavkat Mirziyoev o'tgan yili bu erga kelib, mavjud suv havzalarida baliqchilikni qayta tiklash va rivojlantirish, shu orqali aholini barqaror daromad bilan ta'minlash bo'yicha tavsiyalar bergan edi.
"Mo'ynoq akva sanoat" korxonasi ana shu tashabbusning amaliy natijasidir. Loyiha qiymati 20 milliard so'm bo'lgan bu korxona kelasi oy ishga tushiriladi va yiliga 4 ming tonna baliqni qayta ishlash quvvatiga ega bo'ladi. 200 tonna dudlangan baliq, 780 tonna qiyma, 400 tonna file, 9 million dona konserva ishlab chiqaradi.
Bugungi kunda korxona binosi qurilishi yakunlanib, texnologik uskunalar o'rnatilmoqda.
Prezidentimiz "Mo'ynoq akva sanoat"ning salohiyati, bu erda tayyorlanadigan mahsulot turlari va ularni eksport qilish imkoniyatlari bilan tanishdi. Baliq konservalarini ko'paytirish va savdosini kengaytirish, ish o'rinlarini oshirish yuzasidan zarur ko'rsatmalar berdi.
Shu erda Qoraqalpog'istonda baliqchilikni rivojlantirish, Orol dengizining qurigan tubida yashil butazorlar barpo etish va mintaqada ekologik holatni yaxshilash borasidagi loyihalar taqdimoti o'tkazildi.
Baliqchilik – tabiiy suv havzalari ko'p bo'lgan Qoraqalpog'iston Respublikasi uchun serdaromad tarmoq. Sohani rivojlantirish maqsadida mavjud resurslarni inobatga olib, qo'shimcha 17 loyiha ishlab chiqilgan. Unga ko'ra, baliq etishtirish hajmini 15 ming tonnaga, qayta ishlash darajasini 36 foizga etkazish rejalashtirilgan.
Orol dengizi qurishining salbiy oqibatlarini kamaytirish, mintaqada ekologik barqarorlikni ta'minlash maqsadida ulkan ishlar bajarilmoqda. Mutaxassislarning ta'kidlashicha, 42 yil davomida hammasi bo'lib 400 ming gektar maydonga saksovul ekilgan bo'lsa, 2018-2019yillardagi qish-bahor mavsumida qariyb 500 ming gektarda muhofaza o'rmonzorlari barpo etilgan.
To'plangan tajribadan kelib chiqib, yana ikki yilda 700 ming gektar erni yashil hududga aylantirish mumkinligi ta'kidlandi. Buning uchun o'rmon xo'jaliklari tomonidan 2 ming tonna urug', jumladan, 1,5 ming tonna saksovul, 300 tonna qandim, 150 tonna qoraburoq va 50 tonna cho'l ozuqa o'simliklari urug'ini jamg'arish, 100 million donadan ortiq saksovul ko'chati tayyorlash, 100 kilometr masofada qumni zichlash, shuningdek, cho'llanishga qarshi kurash bo'yicha xorijiy davlatlar tajribasini o'rganish va hamkorlik o'rnatish rejalashtirilmoqda. Bu tadbirlar natijasida yaqin yillarda Orolbo'yida ekologik holatni barqarorlashtirish, aholining ijtimoiy-iqtisodiy ahvolini yaxshilash, bandlikni oshirish, chorvachilikni rivojlantirish uchun katta zamin yaratiladi.
Tumanda qamishdan qurilish materiallari va mebel ishlab chiqarishga oid loyiha haqida ma'lumot berildi. “Muynak LDSP” korxonasi tomonidan amalga oshirilayotgan ushbu loyiha yiliga 50 ming kub metr qirindi plita, 12 ming kub metr hajmda mebel tayyorlash va 2,5 million dollarlik mahsulot eksport qilish imkonini beradi.
Shavkat Mirziyoev Mo'ynoq tumanidagi Madaniyat markazida qoraqalpog'istonlik faollar bilan uchrashdi.
Davlatimiz rahbari yig'ilganlarni yaqinlashib kelayotgan Mustaqillik bayrami bilan tabriklab, qoraqalpoq eliga ezgu tilaklarini izhor qildi.
– Qoraqalpog'istonda hamma sohada o'zgarish bo'layapti. Buning zamirida shu zaminda yashayotgan buyuk xalqning mehnati, intilishlari mujassam. Sizlar bilan birgalikda katta harakat boshladik. Har bir hududning dardini o'rganaylik, har bir insonning qalbiga kirib boraylik, ertangi kunga ishonchini mustahkamlaylik, deb chuqur islohotlarni amalga oshirayapmiz. Odamlar ertaga emas, olis kelajakda emas, bugun yaxshi yashashi kerak, – dedi Prezident.
Shunday yaxshi niyatlar bilan olib borilayotgan ishlar natijasi Mo'ynoq tumanidagi o'zgarishlarda yaqqol namoyon bo'layotgani ta'kidlandi. Hudud qisqa vaqtda ulkan bunyodkorlik, qurilish maydoniga aylandi, qiyofasi mutlaq o'zgardi. Bu mahalliy aholi ko'nglini tog'day ko'tardi. Odamlar mashhur qo'shiqqa hamohang qilib “Bir kelib keting, Mo'ynog'imizga” deb baralla gapirmoqda. Negaki, Orolbo'yi aholisi turmushini yaxshilash haqidagi gap-so'zlar o'tgan asrning 50-yillaridan buyon aytib kelinayotgan bo'lsa-da, biror tayinli ishga qo'l urilmagan edi. Keyingi ikki yilda bajarilgan ishlar tufayli esa bugun, ta'bir joiz bo'lsa, Mo'ynoq bilan qaytadan tanishishga to'g'ri kelmoqda.
Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan BMT shafeligida Orolbo'yi mintaqasi uchun ko'p sheriklik asosidagi Trast fondi tuzildi. O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Orolbo'yi xalqaro innovatsiya markazi, Orolbo'yida innovatsiyalarni qo'llab-quvvatlash jamg'armasi tashkil etildi. Dengizning qurigan tubida muhofaza o'rmonzorlari, Amudaryo deltasida kichik suv havzalari barpo etilmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2017 yil 28 fevraldagi qaroriga muvofiq, Mo'ynoq tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi bandligini ta'minlash bo'yicha qator ishlar amalga oshirildi.
Joriy yilning sakkiz oyida 8 bog'cha, 7 maktab, 4 sport inshooti, 6 tibbiyot muassasasi va 8 madaniyat ob’ekti qurildi va ta'mirlandi. Bundan tashqari, 20 ta ko'p qavatli uy-joy barpo etilmoqda. Bularning barchasi odamlarda qabul qilinayotgan qarorlar hayotiy ekaniga ishonch, ertangi kunga umid uyg'otmoqda.
Uchrashuvda Nukus shahri va barcha tumanlardan kelgan vakillar Mo'ynoqdagi o'zgarishlarga havas qilganini ta'kidlab, o'zlari yashaydigan joylardagi kamchiliklar, echimini kutayotgan muhim masalalarni tilga oldi. Ularni hal etish bo'yicha mutasaddilarga topshiriqlar berildi.
– Katta-katta imoratlar, zamonaviy texnika bilan maqtanish kerak emas. Aqlli, bilimli, fidoyi farzandlarni tarbiyalasak, ular Vatanga sadoqat bilan xizmat qilsa, eng katta boylik, baxt mana shudir, – dedi davlatimiz rahbari.
Prezidentimiz Tebinbuloq koni negizida kon-metallurgiya kompleksini qurish loyihasi bilan tanishdi.
Davlatimiz rahbarining 2018 yil 12 yanvardagi qarorida ushbu investitsiya loyihasini amalga oshirish choralari belgilangan.
Majmuada yiliga 900 ming tonna armatura, 225 ming tonna sim, 375 ming tonna ugolok, shveller, 22 ming tonna vanadiy shlagi va boshqa metall mahsulotlari ishlab chiqariladi. Mahsulotlarning 35 foizini eksport qilish rejalashtirilgan. Konning zaxirasi 1,1 milliard tonnani tashkil etadi. Loyihani tayyorlash va amalga oshirishga Germaniyaning “"DMT-Group Consulting" va Avstriyaning "Horst Wiesinger Consulting" korxonalari jalb etilgan.
Mutaxassislarning dastlabki hisob-kitoblariga ko'ra, loyiha to'liq ishga tushganidan keyin yiliga 33 million tonna ruda qazib olinib, undan 1,5 million tonna temir moddasi olish ko'zda tutilgan.
Prezidentimizga mazkur loyihaning ahamiyati va istiqboli haqida batafsil ma'lumot berildi. Soha mutasaddilari va xorijiy mutaxassislarning fikricha, mazkur loyiha o'zini to'liq oqlaydi. Uning amalga oshirilishi mamlakat iqtisodiyoti rivojida, jumladan, qora metall ishlab chiqarish va qayta ishlash ko'lamini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shavkat Mirziyoev xorijiy kompaniyalar mutaxassislari bilan suhbatlashdi. Majmua qurilishiga ilmiy jihatdan puxta yondashish, metalldan mahsulot ishlab chiqarish sohasida o'ziga xos maktab yaratish kerakligini ta'kidladi.
Davlatimiz rahbari loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini mukammal ishlab chiqish, uni amalga oshirishga yoshlarni ko'proq jalb etish bo'yicha ko'rsatmalar berdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning Qoraqalpog'iston Respublikasiga tashrifi davom etmoqda.
Matnazar ELMURODOV, Alouddin G'AFFOROV, O'zA