Bosh vazir Qoraqalpog'istonlik tadbirkorlar uchun videokonferentsaloqa orqali qabul o'tkazdi
1944
Joriy yilning 22 iyul kuni O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov tadbirkorlik faoliyatini qo'llab-quvvatlash hamda ularni himoya qilish tizimini faollashtirish bo'yicha Qoraqalpog'iston Respublikasining tadbirkorlari bilan vedeokonferentsaloqa orqali qabul o'tkazdi.
Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi studiyasida Jo'qorg'i Kenges Raisi M.Erniyazov, shahar va tuman tadbirkorlari, tegishli soha vakillari ishtirok etdi.
Videokonferentsaloqa orqali bo'lib o'tgan qabulda respublikamizda faoliyat yuritayotgan 90 nafarga yaqin tadbirkorlar ishtirok etib, ularning murojaatlari tinglandi va yuzaga kelgan muammolarni tez fursatlarda ijobiy hal etish bo'yicha mutasaddi soha rahbarlariga aniq topshiriqlar berildi.
Barchamizga ma'lum, joriy yil 14 may kuni davlatimiz rahbarining “Tadbirkorlik faoliyatini qo'llab-quvvatlash va himoya qilish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmoni qabul qilindi. Ushbu farmon asosida tashkil etilgan O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini ko'rib chiqish qabulxonalari 1 iyundan boshlab o'z faoliyatini boshlagan edi.
O'tgan qisqa vaqt mobaynida Bosh vazirning Qoraqalpog'iston Respublikasi qabulxonasiga tadbirkorlardan jami 179 murojaat kelib tushgan bo'lsa, shundan, bugungi kungacha 138 tadbirkorning murojaati ijobiy hal etilgan hamda 41 tadbirkorning murojaati tegishli soha vakillari tomonidan o'rganilmoqda.