Vatanimizning yuksak mukofotlari topshirildi
1518
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning farmonlariga muvofiq, mustaqilligimizning 28 yilligi arafasida bir guruh yurtdoshlarimiz va mamlakatimiz bilan samarali hamkorlik qilib kelayotgan xorijliklar faxriy unvonlar, orden va medallar bilan taqdirlangan edi.
Ko'ksaroy qarorgohida 31 avgust kuni ana shu yuksak mukofotlarni topshirish marosimi bo'ldi.
Shavkat Mirziyoev yig'ilganlarni, ularning timsolida joylarda davlat mukofotlarini qabul qilib olayotgan barcha yurtdoshlarimizni muborakbod etdi.
Bugun barcha-barcha jabhalarda o'zgarishlar ro'y bermoqda. O'zbekistonning iqtisodiy qudratini yuksaltirish, hududlarni kompleks rivojlantirish, qishloq va mahallalarni obod qilish, xalqning turmush darajasini oshirish bo'yicha keng ko'lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Iqtisodiyot, odamlar turmushida katta o'zgarishlar, islohotlar amalga oshirilayotgani va ularning dastlabki natijalari ko'zga tashlanayotgani ta'kidlandi.
– Xalq bilan muloqot hech qachon bunday bo'lmagan. Odamlarni eshitsak, rejamiz to'g'ri bo'ladi. Hamma hududlar va sohalardagi o'zgarishlar – xalqimiz bilan birgalikda qilayotgan ishlarimiz samarasi. Eng asosiysi, xalqimizning ishonchi bizga kuch beradi, – dedi Prezident.
O'zbekistonning xalqchil, insonparvar siyosatini dunyo hamjamiyati e’tirof etmoqda. Tashqi siyosat ham, ichki siyosat ham keng ko'lamli muloqot va munosabatlar asosida, uyg'un holda olib borilmoqda.
– Biz uchun bittayu bitta to'g'ri yo'l, yagona maqsad millatimiz, xalqimiz, jonajon O'zbekistonimiz manfaatini yuqori tutishdir. Buning uchun doimo etti marta o'lchab, bir marta kesadigan siyosat olib borishimiz kerak. Oldimizda murakkab vazifalar turibdi. Xalqimizga, sizlar kabi mard va shijoatli yurtdoshlarimizga ishonib, marrani katta oldik, – deya ta'kidladi davlatimiz rahbari.
Shavkat Mirziyoev marosimga yig'ilganlarni nomma-nom tilga olib, davlat mukofotlari bilan tabrikladi. Ularni Vatanimizning asl farzandlari, vijdoni pok, qalbi uyg'oq odamlar deb atadi. Samarali faoliyati, halol va fidoyi mehnati, yoshlarga ibrat bo'layotgani uchun ularga minnatdorlik bildirib, ezgu tilaklarini izhor etdi.
Prezidentimiz taqdirlangan yurtdoshlarimiz va xorijlik diplomatlarga mukofotlarni tantanali ravishda topshirdi.
– Shunday yuksak mukofotga munosib ko'rganlari uchun Prezidentimizdan minnatdorman, – dedi O'zbekiston Qahramoni, “Nuroniy“ jamg'armasi Samarqand viloyati kengashi raisi Hasan Normurodov. – Vazifa, martaba insonning o'ziga bino qo'yib kibru havoga berilishi uchun emas, aksincha, ezgu amallari bilan o'zgalar qalbida yaxshilik chamanzorlarini bino etish uchun berilgan imkoniyat Qaysi bir rahbar shu qoidaga amal qilib ish ko'rsa, doimo xalqning nazarida bo'ladi. Men ham holmi qudrat mehnat qilib, hazrat Alisher Navoiy aytganidek xalq ichidaman, xalqnikiman, xalq bilan birgaman. Bundan keyin ham qo'limdan kelganicha o'z mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga o'z hissamni qo'shishga harakat qilaman.
Davlatimiz rahbari mukofotlanganlarni yana bir bor Vatanimiz mustaqilligining 28 yillik bayrami bilan muborakbod etdi va ularga sihat-salomatlik, oilaviy baxt, mehnat faoliyatida ulkan zafarlar tiladi.
Mukofotlanganlar yuksak e’tibor uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi.