Jo'qorg'i Kenges Raisi Koreyalik investorlarni qabul qildi
3198
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoevning 2018 yil 15-16 noyabr kunlari Qoraqalpog'istonga tashrifi davomida berilgan topshiriqlar va kengaytirilgan tarzda o'tkazilgan majlis bayoni asosida yurtimizning Xitoy, Koreya, Kuveyt, Germaniya, Yaponiya davlatlaridagi elchilari oldiga Qoraqalpog'iston Respublikasida bir qator loyihalarni amalga oshirish vazifalari belgilab berilgan edi. Bu boradagi ezgu ishlar bosqichma-bosqish amalga oshirib kelinmoqda.
23 sentyabr kuni Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesida O'zbekiston Respublikasining Koreyadagi Favqulodda va muxtor elchisi V.Fen rahbarligidagi delegatsiyani qabul qilish marosimi bo'lib o'tdi.
Tadbirda Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesining Raisi M.Erniyazov yurtimiz elchisi bilan kelgan koreyalik mehmonlarni respublikamizga tashrifi bilan samimiy qutlab, yurtimizning tabiiy boyliklari va mahsulot ishlab chiqarish imkoniyatlari, shuningdek, respublikamizni har tomonlama rivojlantirish yo'lida Muhtaram Prezidentimiz rahbarligida amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohatlar bilan yaqindan tanishtirdi. So'nggi qisqa davr ichida har ikki mamlakat o'rtasida har tomonlama manfaatli aloqalar yaxshi yo'lga qo'yilganligini va bu aloqalar bugungi kunda yangi bosqichga ko'tarilganligini ham ta'kidlab o'tdi.
O'z navbatida elchi V.Fen va koreyalik investorlar: «Noroo Paint» kompaniyasining vitse-prezidenti Kim Bong Dje hamda bosh menedjeri Choi Chang Sok, «Evergreen Motors» kompaniyasi raisi — O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining faxriy maslahatchisi Kim Chang Keon, «Evergreen Interneyshnl» kompaniyasining vitse prezidenti Byun Min Xo, «Evergreen Motors» kompaniyasining vitse prezidenti Kim Ik Dong samimiy qabul uchun respublikamiz rahbariga o'z minnatdorchiligini bildirdi.
Tashrif davomida har ikki tomon rejalari, kelajakda savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va investitsiya masalalari bo'yicha hamkorlikni yanada kengaytirish buyicha o'zaro fikr almashdi. Shuningdek, marosimda yaqin vaqt oralig'ida koreyalik investorlar tomonidan respublikamizda ishga tushirilishi rejalashtirilayotgan lak-buyoq zavodining va Nukus shahridagi zamonaviy issiqxona majmuasining qurilish ishlari bo'yicha masalalarni kelishib olishdi.