Orol muammosini birgalikda hal qilamiz
6460
25 oktyabr kuni Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida “Orolbo'yi – ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi” yuqori darajadagi xalqaro konferentsiyasi bo'lib o'tdi.
Yuksak darajadagi tadbirga yig'ilgan 200 dan ortiq mehmon – xorijiy davlatlar diplomatik korpuslari, xalqaro ekologik tashkilotlarning vakillari, soha mutaxassislariga avval Orol inqirozi oqibatlari, uni bartaraf qilish bo'yicha investitsion loyihalarga bag'ishlangan ko'rgazmalar va qishloq xo'jaligi mahsulotlari namoyish qilindi.
Tadbirni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o'rinbosari Boriy Alixonov olib bordi.
Xalqaro anjumanda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining konferentsiya ishtirokchilariga yo'llagan murojaatini O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o'rinbosari Achilboy Ramatov o'qib eshittirdi.
Shundan so'ng BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning anjuman ishtirokchilari yo'llagan videomurojaati namoyish etildi.
Konferentsiyada Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kenesining Raisi Musa Erniyazov nutq so'zlab, Muhtaram Prezidentimiz rahbarligida tashkil etilgan Orolbo'yi mintaqasi uchun inson xavfsizligi bo'yicha Trast fondi doirasida qator xalqaro donor tashkilotlarning resurslari jamlanib, ular mahalliy aholining turmush darajasini yaxshilashga yo'naltirilayotganini, Orolbo'yi mintaqasida ekologik fojia oqibatlarini bartaraf etish uchun O'zbekiston hukumati bilan birga Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Global ekologik fond va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan donor davlatlarning qo'llab-quvvatlayotganini alohida ta'kidlab o'tdi.
Shuningdek, Muhtaram Prezidentimizning bevosita tashabbusi bilan so'nggi yillarda ekologik fojianing ta'sirini yumshatish bo'yicha Davlat dasturlari amalga oshirilgani, ayniqsa, Orolbo'yi hududi uchun 2018-2021 yillarga mo'ljallangan maxsus Dasturning qabul qilingani mahalliy aholining hayotida alohida o'rin tutayotgani, bugungi kunda Orol dengizi tubida cho'lga chidamli o'simliklar ekish ishlar jadal olib borilayotgani, o'tgan qisqa davr ichida 1 million 100 ming gektardan ortiq maydon ekishga tayyorlanib, shundan 500 ming gektarga saksovul ekilgani, 2019-2020 yillarning qishki va bahorgi mavsumida bu ishlar yanada davom ettirilib, 700 ming gektarga cho'l va tuzga chidamli o'simliklar ekish rejalashtirilayotganini qayd etib o'tdi.
Anjumanda BMT Bosh kotibining Markaziy Osiyo bo'yicha maxsus vakili Natalya German, BMT Bosh kotibi yordamchisi Abdulaye Deye, Evropa Ittifoqining Markaziy Osiyodagi maxsus vakili Piter Burian so'zga chiqdi.
Tadbirning asosiy maqsadi ekologik toza texnologiyalarni ishlab chiqish va joriy etishga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish maqsadida shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlarini ishlab chiqish, yashil iqtisodiyot tamoyillarini, ekologik toza, energiya va suvni tejaydigan texnologiyalarni kompleks amalga oshirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlaydigan texnologiyalarni joriy etish, cho'llanishning oldini olish, ekologik migratsiya va ekoturizmni rivojlantirishdir.
Orol dengizining qurishi milliy, hatto mintaqaviy chegaralardan tashqariga chiqadigan fojiadir. Shubhasiz, bu ekologik, iqlimiy, ijtimoiy-iqtisodiy va gumanitar oqibatlarga olib keladigan, inson faoliyati natijasida yuzaga kelgan eng katta global ekologik ofatlardan biri bo'lib, mintaqadagi iqlim sharoitini yomonlashtirdi.
Afsuski, Orol dengizini to'liq tiklash endi mumkin emas, ammo u bilan bog'liq salbiy oqibatlarni yumshatish mumkin. Orol dengizi inqirozining atrof-muhitga va Orol dengizi mintaqasida yashovchi millionlab odamlarning turmush tarziga halokatli ta'sirini kamaytirish, shuningdek, iqlim ta'sirining yanada yomonlashuvi oldini olish hozirgi zamonning eng muhim vazifasidir.
Konferentsiyada Prezidentning uchta tashabbusini ilgari surish: Orolbo'yida ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududini tashkil etish kontseptsiyasi loyihasi, Orolbo'yi mintaqasini “Ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi” deb e’lon qilish to'g'risidagi BMT Bosh assambleyasining maxsus rezolyutsiyasi, Markaziy Osiyoda suv resurslaridan oqilona foydalanish bo'yicha mintaqaviy dastur taqdimoti va muhokamasi o'tkazildi.
Anjuman doirasida ekologik toza texnologiyalarni ishlab chiqish va amalga oshirishga xorijiy investitsiyalarni jalb etish uchun sharoit yaratish, “yashil iqtisodiyot”, ekologik toza, energiya va suv tejaydigan texnologiyalar tamoyillarini kompleks tatbiq etish, cho'llanish va ekologik migratsiyaning davom etishiga barham berish va ekoturizmni rivojlantirish yo'nalishlarida yig'ilishlar tashkil etildi.




