Qoraqalpog'iston Respublikasining Konstitutsiyasi nashrdan chiqdi
14783
Yurtimizda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarning huquqiy asosi, inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilishning kafolati bo'lgan Qoraqalpog'iston Respublikasining Konstitutsiyasi 1993 yili 9 aprel kuni qabul qilinib, bugunga qadar bir necha marta o'zgarishlar va qo'shimchalar kirgizilib, takomillashtirilib kelinmoqda.
Jumladan, 2021 yil 12 fevral kuni o'tkazilgan Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesining o'n beshinchi sessiyasida “Qoraqalpog'iston Respublikasining Konstitutsiyasiga o'zgarishlar va qo'shimchalar kiritish to'g'risida”gi Qoraqalpog'iston Respublikasining Qonuni qabul qilinib, mazkur qonun asosida Konstitutsiyaga bir qator o'zgarishlar va qo'shimchalar kiritilgan edi.
Masalan, Qoraqalpog'iston Respublikasi Konstitutsiyasining 2-moddasidagi, 15-moddaning ikkinchi bo'limidagi hamda 36-moddasi mtanidagi «odamlar» degan so'z «shaxslar» degan so'z bilan almashtirildi. 70-moddaning 11-bandi, shuningdek, 103 va 104-moddalar olib tashlandi.
Qoraqalpog'iston Respublikasining Konstitutsiyasi qabul qilinganining 28 yilligi munosabati bilan “Qaraqalpaqstan” nashriyoti tomonidan chop etilgan Qoraqalpog'iston Respublikasining Konstitutsiyasida shu singari o'zgarishlar va qo'shimchalar aks ettirilgan.
Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesining matbuot xizmati