ALLAYaR DOSNAZAROV VA QORAQALPOG'ISTONNING YaNGI TARIXI
14200
8 may kuni poytaxtimizda elimizning ulug' farzandi, davlat va siyosiy arbob Allayar Dosnazarovning 125 yilligiga bag'ishlangan "A.Dosnazarov va Qoraqalpog'istonning yangi tarixi" mavzusida respublika ilmiy-nazariy konferentsiya bo'lib o'tdi.
Dastlab Allayar Dosnazarovning byustiga gul qo'yish marosimi o'tkazilib, unda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati a'zolari, Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi deputatlari, hukumat a'zolari, vazirlik va idoralar rahbarlari, olimlar, yozuvchi-shoirlar, Allayar Dosnazarovning avlodlari, keng jamoatchilik hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari, shuningdek Qozog'iston Respublikasidan kelgan mehmonlar qatnashdi.
Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi Raisi Murat Kamalov Allayar Dosnazarovning xotirasiga hurmat bajo keltirib, byustiga gul qo'ydi.
Shundan so'ng Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida respublika ilmiy-nazariy konferentsiya tashkil etildi.
Konferentsiya Allayar Dosnazarov to'g'risidagi hujjatli film namoyishi bilan boshlandi.
Tadbirni Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi Raisining o'rinbosari A.Davletov ochib, so'nggi yillarda Hurmatli Prezidentimiz rahbarligida tariximizni qayta o'rganishga, ayniqsa, qatag'on qurbonlari bo'lgan yurt farzandlarining nomlarini abadiylashtirishga alohida e’tibor qaratilib, bu borada keng ko'lamli ishlar olib borilayotgani, bugungi kunda yurtimizning ulug' farzandi Allayar Dosnazarovning nomini abadiylashtirish bo'yicha bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilayotganini ta'kidladi.
Jumladan, 2020 yili poytaxtimiz Nukus shahrida bobomizning byusti o'rnatilishi ulug' bobomizga bo'lgan yuksak hurmat va e’tiborning yorqin namunasi bo'ldi. Shu yilning 16 aprel kuni O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpog'iston bo'limi tashabbusi bilan ilmiy konferentsiya tashkil etilib, uning hayoti va faoliyati to'g'risida yangi ma'lumotlar aniqlandi.
O'zining qisqa umri davomida Allayar Dosnazarov chuqur bilim va tajribasi, etuk tashkilotchilik qobiliyati, vatanparvarligi bilan jamoatchilik orasida keng tanilib, el orasida katta hurmat va obro'ga erishdi.
Ayniqsa, uning Qoraqalpog'iston Avtonom oblastini tuzishdagi alohida mehnatlari, xalqimizning milliy xususiyatlarini aniqlash masalalaridagi tashkilotchilik qobiliyati, milliy-davlat chegaralarini belgilashdagi jonkuyarligi, shuningdek, ma'naviyatimizni va ma'rifatimizni rivojlantirish yo'lidagi fidokorona xizmatlari bilan har qancha faxrlansak arziydi.
Konferentsiyada akademik N.Ayimbetov, Qoraqalpog'iston xalq shoiri, senator G.Annaqilicheva, Qoraqalpog'iston xalq yozuvchisi A.Sultanov, Allayar bobomizning avlodi B.Allambergenov, Qozog'iston Respublikasidan kelgen mehmonlar so'zga chiqib, bobomizning hayot va mehnat yo'li, uning yurtimiz tarixida tutgan o'rni haqida batafsil to'xtalib o'tdi.













Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi matbuot xizmati