XOTIRA BOR EKAN – MILLAT BARHAYoT
6336
9-may – Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g'alabaning 76 yilligi nishonlandi.
Poytaxtimizda bayram munosabati bilan o'tkazilgan uchrashuv ishtirokchilari onlayn videoaloqa orqali Toshkent shahrida tashkil etilgan bayram tadbirida qatnashdi.
Hurmatli Prezidentimiz buyuk G'alabaning 76 yilligi hamda xotira va qadrlash kuni munosabati bilan xalqimizni tabrikladi.
Tadbirda Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi Raisi M.Kamalov Prezidentimiz va xalqimizni bayram bilan tabrikladi. Yurtimizda urush qatnashchilari va mehnat fronti faxriylariga g'amxo'rlik ko'rsatish, ularni har tomonlama qo'llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotganini ta'kidladi.
Prezidentimizning shu yil 20 apreldagi «Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag'batlantirish to'g'risida»gi farmoni asosida urush qatnashchilari va front orti mehnat faxriylarini rag'batlantirish maqsadida respublikamizning barcha shahar va tumanlarida qator ishlar amalga oshirildi. Urush faxriylari holidan xabar olinib, ularga sovg'alar topshirildi.
Bayram munosabati bilan poytaxtimiz Nukus shahridagi “Motamsaro ona” yodgorligi maydoniga respublikamiz rahbarlari, davlat va jamoat tashkilotlari, shuningdek, keng jamoatchilik vakillari yig'ildi.
Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi Raisi M.Kamalov bayram munosabati bilan “Motamsaro ona” haykali poyiga gul qo'yib, Ikkinchi jahon urushida qurbon bo'lganlarning xotirasiga hurmat bajo keltirdi.
Shuningdek, Qurolli Kuchlar tizimiga kiruvchi tuzilmalar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ham haykal poyiga gul qo'ydi.
Tadbirda Vatanimiz va tinchligimiz himoyachilarining harbiy saf tortib yurish marosimi bo'lib o'tdi.
Shundan so'ng bayram ishtirokchilari “Vatanparvarlar bog'i”ning ochilish marosimida qatnashdi.
Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi Prezidiumining 2019 yil dekabr oyidagi qarori bilan tasdiqlangan yo'l xaritasiga asosan barpo etilgan mazkur bog' 9 may – Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan g'alabaning 76 yillik bayramiga o'zgacha tuhfa bo'ldi.
Bu erda Ikkinchi jahon urushida g'alabaga erishishda muhim ahamiyatga ega bo'lgan hamda bugungi kundagi zamonaviy harbiy texnikalarning ko'rgazmasi tashkil etildi. Shu bilan birga urushda halok bo'lgan Vatanning mard farzandlariga tegishli ma'lumotlar jamlangan “Xotira uyi” ham o'rin olgan.




***
















Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi matbuot xizmati