SENAT RAISI IShTIROKIDA YIG'ILISh O'TKAZILDI
3275
Qoraqalpog'iston Respublikasida xizmat safarida bo'lib turgan O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi T.Narbaeva 11 iyun kuni Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesida o'tkazilgan yig'ilishda ishtirok etdi.
Yig'ilishni Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesining Raisi M.Kamalov ochdi.
Oliy Majlis Senat Raisi T.Narbaeva Prezidentimizning 2020 yil 11 noyabrdagi “Qoraqalpog'iston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarorining qabul qilinishi Qoraqalpog'iston Respublikasining mavjud ijtimoiy-iqtisodiy, shu jumladan ishlab chiqarish va investitsiya salohiyatidan samarali foydalanish, hududda muhandislik-kommunikatsiya, ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmalarini yaxshilash, iqtisodiyot tarmoqlarini barqaror rivojlantirish, shu asosda aholi bandligini ta'minlash va turmush darajasini oshirishga xizmat qilayotganini ta'kidladi.
Qarorda belgilangan vazifalarning bajarilishini ta'minlash bo'yicha amalga oshirilayotgan investitsiyaviy loyihalar to'g'risida Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi o'rinbosari B.Xabibullaev ma'lumot berdi.
Qarorga muvofiq, 2020-2023 yillarda 1 ming 359 ta investitsiya loyihalari (12 trln. 353 mlrd. so'mlik) amalga oshirilishi va 17 mingdan ziyod yangi ish o'rinlari yaratilishi belgilangan. Joriy yil 1 iyun holatiga 912 ta (67 foiz) loyiha (4 trln. 940 mlrd. so'mlik) ishga tushirilib, 7 ming 249 ta yangi ish o'rinlari yaratildi.
Shu jumladan, 2021 yil yanvar-may oylarida 113 ta loyihani (247,6 mlrd. so'mlik) amalga oshirish orqali 2 597 ta yangi ish o'rinlari yaratish rejalashtirilgan bo'lib, amalda 110 ta (97 foiz) loyiha (219,2 mlrd. so'mlik) ishga tushirildi va 2 322 ta (89 foiz) yangi ish o'rinlari tashkil etildi. Shu bilan birga, qiymati 200,5 mlrd. so'mlik 89 ta loyiha muddatidan oldin ishga tushirilib, 532 ta yangi ish o'rinlari yaratilgan.
Yig'ilishda qarorning ijrosi tanqidiy muhokama qilinib, yo'l qo'yilgan xato va kamchiliklar haqida ham aytib o'tildi. Bu bo'yicha parlament nazoratini yanada kuchaytirish zarurligi ta'kidlandi, loyihalarni o'z vaqtida amalga oshirish bo'yicha vazifalar belgilab berildi.
Yig'ilish kun tartibidagi yana bir muhim masala - Qoraqalpog'iston Respublikasida “mahallabay” ishlash, xotin-qizlar muammolarini hal etish va ularni ijtimoiy qo'llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarni o'rganish yakunlari to'g'risida Qoraqalpog'iston Respublikasi Mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash vazirining birinchi o'rinbosari M.Axmedova ma'lumot berdi.
Oliy Majlis Senati ishchi guruhi tomonidan Amudaryo, Beruniy, Bo'zatov, Kegeyli, Taxtako'pir, Shumanay, Ellikqal’a tumanlaridagi sektorlar faoliyati, mahallalarda olib borilayotgan ishlar o'rganilgan edi.
O'rganishlar davomida “Ayollar daftari” bilan ishlash borasida Qoraqalpog'iston Respublikasi amalga oshirilayotgan ishlarga alohida e’tibor qaratildi. Tuman va shahar ishchi guruhlari tomonidan 328 mingdan ortiq xonadonlar uyma-uy xatlovdan o'tkazilib, qariyb 350 ming nafar xotin-qizlar ahvoli o'rganilganligi aniqlandi.
O'rganish natijalariga ko'ra, Qoraqalpog'iston Respublikasi bo'yicha jami 24 ming 519 nafar xotin-qizlar “Ayollar daftari”ga kiritilgan bo'lib, bugungi kunga qadar 23 ming 300 nafar (95 foiz) xotin-qizlar muammolari hal etilgan hamda 39,6 foizi (9 ming 710 nafar) “Ayollar daftari”dan chiqarilgan.
Shu bilan bir qatorda, aholini uy-joy bilan ta'minlash, bandlikni ta'minlash, tadbirkorlikka jalb etish, tibbiyot va ta'lim sifatini yaxshilash, ijtimoiy-ma'naviy muhitni sog'lomlashtirish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish kabi yo'nalishlarda amalga oshirilayotgan ishlar, qo'lga kiritilayotgan yutuqlar bilan birga yo'l qo'yilayotgan kamchiliklarga ham e’tibor qaratildi va ularni bartaraf etish bo'yicha tegishli vazirlik va idoralar rahbarlariga aniq topshiriqlar berildi.






Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi matbuot xizmati
M.Habibullaev olgan suratlar