JO'QORG'I KENGES RAISI PREZIDENT MAKTABI BITIRUVChILARINI TABRIKLADI
2593
Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi Raisi M.Kamalov poytaxtimizdagi Prezident maktabida o'tkazilgan so'nggi qo'ng'iroq tadbirida qatnashdi.
O'zbekiston va Qoraqalpog'iston Respublikalari davlat madhiyalari yangradi.
Tadbirda Jo'qorg'i Kenges Raisi Prezident maktabi bitiruvchilarini samimiy muborakbod etdi, ularning kelajakda Vatanimiz ravnaqiga, uning xalqaro maydondagi obro'sining ortishiga katta hissa qo'shishiga qat’iy ishonch bildirib, ularga bu yo'lda ulkan muvaffaqiyatlar tiladi.
Ta'kidlanganidek, Prezidentimiz tomonidan Qoraqalpog'iston Respublikasida barcha sohalar qatori ta'lim sohasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev joylarda amalga oshirilayotgan islohotlar, bunyodkorlik ishlari va yirik loyihalar bilan tanishish maqsadida 2018 yilning 15-16 noyabr kunlari respublikamizga tashrifi vaqtida yurtimizning har bir hududida bittadan yangi tipdagi Prezident maktablarini tashkil etish, bu ishni Qoraqalpog'istondan, Nukus shahridan boshlashni taklif qilgan edi. Yurtboshimizning 2019 yil 20 fevral kungi “Prezident maktablarini tashkil etish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori asosida zamonaviy, barcha qulayliklarga ega maktab foydalanishga topshirildi.
Maktabda o'quv jarayoni qoraqalpoq, o'zbek tillarida, shuningdek, «STEAM» ta'lim dasturi asosida olib borilmoqda. Matematika, fizika, kimyo, biologiya va axborot texnologiyalari fanlari ingliz tilida o'qitilmoqda. Mahalliy o'qituvchilar bilan bir qatorda xorijlik tajribali mutaxassislar o'quvchi yoshlarga ta'lim bermoqda. Natijada o'quvchilar o'z qobiliyatini va iste’dodini yuzaga chiqarish, dunyoning rivojlangan davlatlarining eng kuchli oliy o'quv yurtlarida ta'lim olish imkoniyatlariga ega bo'lmoqda.
Bugun maktabni 24 nafar o'quvchi bitirmoqda. Ularning ko'pchiligi xorijiy davlatlarning eng ilg'or oliy ta'lim muassasalariga kirish baxtiga muyassar bo'lganligi barchani birday quvontiradi.
Jo'qorg'i Kenges Raisi tomonidan namunali, faol o'quvchilar sertifikatlar bilan taqdirlanib, ularni kamolga keltirib, tarbiyalagan ota-onalariga, ularga ta'lim bergan o'qituvchilarga minnatdorchilik bildirildi.
Tadbirda so'nggi qo'ng'iroq chalindi. Maktab o'quvchilari ijrosidagi qo'shiq va raqslar yig'ilganlarga ko'tarinki kayfiyat bag'ishladi.
Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi matbuot xizmati