XALQLAR DO'STLIGI KUNI NIShONLANDI
3555
30-iyul – Xalqlar do'stligi kuni munosabati bilan tantanali tadbir o'tkazildi.
Videokonferents aloqa tarzida o'tkazilgan tadbirda Nukus shahrida tashkil etilgan ctudiyada Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi Raisi M.Kamalov, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a'zolari, Jo'qorg'i Kenges deputatlari, hukumat a'zolari, yurtimizda yashayotgan turli millat vakillari, milliy-madaniy markazlar xodimlari ishtirok etdi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Halqlar do'stligi kuni munosabati bilan bayram tabrigini O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi T.Narbaeva o'qib eshittirdi.
Ta'kidlanganidek, O'zbekiston – ulkan imkoniyat va resurslarga ega bo'lgan mamlakat. Lekin bizning eng katta boyligimiz – turli millat va konfessiyalar vakillari o'rtasidagi tinchlik va barqarorlik, o'zaro hurmat va hamjihatlikdir.
Konstitutsiyamiz va qonunlarimizda O'zbekiston Respublikasining barcha fuqarolari, millati, tili va dinidan qat’i nazar, teng huquq va erkinliklarga ega ekani muhrlab qo'yilgan. Ularga o'z madaniyati, an’ana va urf-odatlarini rivojlantirish uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
Bugungi kunda mamlakatimizda 130 dan ziyod millat va elat vakillari yagona va ahil oila bo'lib yashab, barcha soha va tarmoqlarda fidokorona mehnat qilib, jonajon O'zbekistonimizning ravnaqi va gullab-yashnashiga munosib hissa qo'shib kelmoqda.
Qutlug' bayram – Xalqlar do'stligi kuni munosabati bilan ana shunday vatandoshlarimiz davlat mukofotlari bilan taqdirlandi.
Qoraqalpog'iston Respublikasidan Qoraqalpog'iston dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti g'o'za selektsiyasi va urug'chiligi bo'limi mudiri Uzakbay Aytjanov, Qoraqalpog'iston Respublikasi kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi Kengashi raisi, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a'zosi Uliqbek Jalmenov «Mehnat shuhrati» ordeni bilan, Nukus shahridagi «Muruvvat» nogironligi bo'lgan shaxslar uchun ayollar internat uyi direktori Lidiya Kim I darajali «Sog'lom avlod uchun» ordeni bilan, Qo'ng'irot tumani tibbiyot birlashmasining Jasliq davolash profilaktika muassasasi hamshirasi Janar Juginisova II darajali «Salomatlik» ordeni bilan, «O'zbekgeofizika» aktsiyadorlik jamiyatining «Ustyurt geofizika ekspeditsiyasi» filiali Ustyurt kon geofizika partiyasi guruh boshlig'i Zaripbay Batbaev «Do'stlik» ordeni bilan, Mo'ynoq tumanidagi «Tik o'zyak» ovul fuqarolar yig'ini raisining oila, xotin-qizlarni qo'llab-quvvatlash, ijtimoiy masalalar bo'yicha o'rinbosari Darigul Ametova «Shuhrat» medali bilan taqdirlandi.
Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi matbuot xizmati