DAVLAT MUKOFOTLARI TOPShIRILDI
3376
Mamlakatimizda millatlararo do'stlik va totuvlikni mustahkamlash, jamiyatimizda turli millat va elat vakillari o'rtasidagi o'zaro hamjihatlik, bag'rikenglik, mehr-oqibat muhitini asrash, milliy madaniyatlar, urf-odat va an’analarning o'ziga xosligini saqlash hamda rivojlantirishga qo'shgan munosib hissasi, xorijiy mamlakatlar bilan ikki tomonlama manfaatli munosabatlar va madaniy-ma'rifiy aloqalarni yangi bosqichga ko'tarish, davlatimizning tinchliksevar va xalqparvar siyosatini xalqaro miqyosda keng targ'ib qilish borasidagi katta xizmatlari, yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash yo'lidagi ibratli ishlari hamda ijtimoiy hayotdagi faol ishtiroki uchun bir guruh yurtdoshlarimiz O'zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoniga muvofiq, Xalqlar do'stligi kuni munosabati bilan orden va medallar, shuningdek, O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan “Xalqlar do'stligi” ko'krak nishoni bilan taqdirlangan edi.
Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesida ushbu mukofotlarni topshirish marosimi bo'ldi.
Tadbirda Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi Raisi M.Kamalov, O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy davlatlar bilan do'stlik aloqalari qo'mitasi raisining o'rinbosari A.Toshev yig'ilganlarni Xalqlar do'stligi kuni bilan yana bir marta samimiy muborakbod etdi.
Ta'kidlanganidek, Hurmatli Prezidentimiz tashabbusi bilan bu yil ilk marta nishonlangan ushbu qutlug' sana yurtimizda yashayotgan turli millat vakillarining bir-biriga bo'lgan do'stligini, og'izbirchiligini, bag'rikengligini yana bir marotaba yorqin aks ettirdi.
Bugungi kunda mamlakatimizda 130 dan ziyod millat va elat vakillari yagona va ahil oila bo'lib yashab, barcha soha va tarmoqlarda fidokorona mehnat qilib, jonajon O'zbekistonimizning ravnaqi va gullab-yashnashiga munosib hissa qo'shib kelmoqda. Konstitutsiyamiz va qonunlarimizda O'zbekiston Respublikasining barcha fuqarolari, millati, tili va dinidan qat’i nazar, teng huquq va erkinliklarga ega ekani muhrlab qo'yilgan. Ularga o'z madaniyati, an’ana va urf-odatlarini rivojlantirish uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
Tadbirda orden va medallar, ko'krak nishonlari o'z egalariga topshirildi.
Shuningdek, respublikamizda faoliyat yuritayotgan miliy madaniy markazlarga Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi va Vazirlar Kengashining qimmatbaho sovg'alari topshirildi.
Mukofotlanganlar nomidan Qoraqalpog'iston Respublikasi kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi Kengashi raisi, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a'zosi, «Mehnat shuhrati» ordeni sohibi U.Jalmenov, Qo'ng'irot tumani tibbiyot birlashmasining Jasliq davolash profilaktika muassasasi hamshirasi, II darajali «Salomatlik» ordeni egasi J.Juginisova va boshqalar so'zga chiqib, kamtarona mehnatlarini yuksak baholagani uchun Prezidentimizga cheksiz minnatdorlik bildirdi.
Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi matbuot xizmati
M.Habibullaev olgan suratlar