Vakillarimiz “Parlament o'yinlari” sport musobaqalarida barcha sport turidan sovrinli o'rinlarni egalladi
1863
2021 yil 14 avgust kuni Oliy Majlis Senati tashabbusi bilan Turizm va sport vazirligi, Gender tenglikni ta'minlash masalalari bo'yicha komissiyasi bilan hamkorlikda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatlari, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati huzuridagi Yoshlar parlamenti hamda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a'zolari va devoni xodimlari o'rtasida O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi kubogi uchun “Parlament o'yinlari” sport musobaqalari o'tkazildi.
O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2020 yil 30 dekabrdagi qaroriga muvofiq, senatorlar va xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatlari, Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti a'zolarini jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug'ullanishga jalb qilish, aholi o'rtasida sog'lom turmush tarzini targ'ib qilish maqsadida o'tkazilayotgan “Parlament o'yinlari” sport musobaqalarida ishtirokchilar sportning mini-futbol, voleybol, stol tennisi hamda badminton singari turlari bo'yicha bahslashdi.
Quvonarli tomoni, barcha sport turlaridan Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi, xalq deputatlari tuman kengashlaridan vakillarimiz faol ishtirok etib, yuqori natijalarga erishdi.
Jumladan, sportning mini-futbol turi bo'yicha bahslarda Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi jamoasi kumush medalni qo'lga kiritdi.
Badminton bo'yicha xotin-qizlar o'rtasida Jo'qorg'i Kenges deputati Zuxra Reymova, stol tennisi bo'yicha xalq deputatlari Qorao'zak tumani Kengashi deputati Gulzira Sidiqova ikkinchi o'rinni egalladi, shuningdek, erkaklar o'rtasida voleybol bo'yicha o'tkazilgan bahslarda xalq deputatlari Nukus tumani Kengashi jamoasi faxrli uchinchi o'rinni egalladi.
Musobaqa g'olib va sovrindorlari tashkilotchilar tomonidan medal, diplom va qimmatbaho sovg'alar bilan taqdirlandi.




Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi matbuot xizmati