JO'QORG'I KENGES RAISI TADBIRKORLARGA PREZIDENTIMIZNING MINNATDORChILIK XATINI TOPShIRDI
2824
Bugun “O'zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida Prezident Shavkat Mirziyoevning mamlakatimiz tadbirkorlari bilan uchrashuvi bo'lib o'tdi.
Uchrashuvda anjumanlar saroyida 600 ga yaqin tadbirkor, hududlardagi studiyalarda esa jami 10000 ga yaqin ishbilarmonlar ishtirok etdi. Unda Prezidentimiz tadbirkorlikni qo'llab-quvvatlash, tizimli muammolarni bartaraf etish chora-tadbirlarini muhokama qildi, tadbirkorlarning takliflarini eshitdi.
Mazkur tadbir arafasida davlatimiz rahbarining “Mamlakatda ishbilarmonlik muhitini rivojlantirishga munosib hissa qo'shib kelayotgan tadbirkorlarning bir guruhiga minnatdorchilik bildirish to'g'risida”gi farmoyishi e’lon qilindi.
Farmoyishga muvofiq, iqtisodiyotimizning ravnaq topishi va yurtimiz barqaror rivojlanishi, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, respublikaning eksport salohiyatini oshirish, yangi ish o'rinlari yaratish, byudjet barqarorligini ta'minlash hamda aholini ijtimoiy qo'llab-quvvatlashda munosib hissa qo'shib kelayotgan bir guruh tadbirkorlarga minnatdorchilik bildirildi.
Ular orasida Qoraqalpog'iston Respublikasidan «Karakalpaksement» MChJ rahbari Sh.Azizov, «Atiyaj-gulzar» MChJ rahbari A.Mustafaev “Eng ko'p ish joylari yaratgan tadbirkor” sifatida, «Stroy vektor plus» xususiy korxonasi rahbari I.Panaev, «Titan cement» MChJ qo'shma korxonasi rahbari B.Nurlibaeva “Eng yaxshi soliq to'lovchi” sifatida, «To’rtko’l shisha idishlari» MChJ rahbari X.Yuldashev “Eng yaxshi eksportyor” sifatida O'zbekiston Respublikasi Prezidentining minnatdorchilik xatini oldi.
Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi Raisi M.Kamalov «Atiyaj-gulzar» MChJ rahbari A.Mustafaev, «Stroy vektor plus» xususiy korxonasi rahbari I.Panaev va «Titan cement» MChJ qo'shma korxonasi rahbari B.Nurlibaevaga Prezidentimizning minnatdorchilik xatlarini topshirdi.
Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qrrg'i Kengesi matbuot xizmati