“Kelajak liderlari” klubi tashkil etildi
2661
Shu yilning 25-avgust kuni Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesida respublikamizda tashkil etilgan “Kelajak liderlari” klubi a'zolari bilan uchrashuv o'tkazildi.
Uchrashuvda Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi Raisining o'rinbosari A.Davletov, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi mas’ul xodimi D.Karimov so'zga chiqib, “Kelajak liderlari” klubi a'zolarini tabrikladi va kelajakda ularning o'z bilim va salohiyati bilan Vatanimiz ravnaqiga munosib hissa qo'shishiga qat’iy ishonch bildirdi.
Prezidentimiz shu yilning 30 iyun kuni Yoshlar kuniga bag'ishlangan tantanali marosimda iqtidorli yoshlar orasidan yangi avlod zaxira kadrlari – “Kelajak liderlari” shaklantirilishini alohida ta'kidlagan edi.
Davlatimiz rahbarining mazkur tashabbusini qo'llab-quvvatlash maqsadida 2021 yil 27 iyul kuni Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi Prezidiumining qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, Qoraqalpog'iston Respublikasida iste’dodli va iqtidorli yoshlarni davlat fuqarolik xizmatiga qiziqtirish, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirish, istiqbolli kadrlar selektsiyasi orqali hududlarda yuqori malakali davlat fuqarolik xizmatchilar qatlamini va yangi avlodlar orasidan kadrlar zaxirasini shakllantirish maqsadida “Kelajak liderlari” klubi tashkil etildi.
Bir necha bosqichli tanlovlar orqali saralab olingan eng iqtidorli, istiqbolli yoshlar klub a'zoligiga qabul qilindi.
Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi matbuot xizmati