TANLOVLAR G'OLIBLARI MUNOSIB TAQDIRLANDI
2219
Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashida Xotin-qizlar muammolarini tizimli ravishda hal etish, ularni ijtimoiy qo'llab-quvvatlash bo'yicha Respublika komissiyasi tomonidan o'tkazilayotgan “Kasaba uyushmalari laureati”, “Eng namunali ayol ish beruvchi”, “Eng yaxshi mahalla raisi” hamda “Eng yaxshi sektor rahbari” tanlovlarining Qoraqalpog'iston Respublikasi bosqichi g'oliblarini taqdirlashga bag'ishlangan tadbir bo'lib o'tdi.
Unda Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi Raisi M.Kamalov, O'zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Qoraqalpog'iston Kengashi raisi U.Jalmenov so'zga chiqib, Hurmatli Prezidentimiz tomonidan yurtimizda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini, ayniqsa, xotin-qizlarni har tomonlama qo'llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotganini ta'kidladi.
O'zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi rahbarligidagi Respublika komissiyasi va uning tarkibidagi Ishchi guruhlar mamlakatimiz hududlarida «Ayollar daftari»ga kiritilgan xotin-qizlar muammolarini tizimli hal etish va ularga amaliy yordam ko'rsatish borasida keng ko'lamli ishlarni amalga oshirmoqda. Shuningdek, bu ezgu maqsadni amalga oshirishda namunali va tizimli faoliyat olib borgan mas’ullarni rag'batlantirish amaliyoti joriy etildi.
Bunda “Kasaba uyushmalari laureati”, “Eng namunali ayol ish beruvchi”, “Eng yaxshi mahalla raisi” hamda “Eng yaxshi sektor rahbari” tanlovlarining o'tkazilayotgani muhim ahamiyat kasb etmoqda. Tanlovlarning shahar va tuman bosqichlari shu yilning iyun oyida, Qoraqalpog'iston Respublikasi bosqichi iyul oyida o'tkazildi.
“Kasaba uyushmalari laureati” tanlovida Kegeyli tumani “Rus-Islam-Sultan” oilaviy korxonasi rahbari Ayjamal Rametova birinchi, Beruniy tumanidan yakka tartibdagi tadbirkor Roza Djumanazarova ikkinchi, Qorao'zak tumanidan tadbirkor Zamira Utepbergenova uchinchi o'rinni egalladi.
«Eng yaxshi sektor raxbari» tanlovida Qorao'zak tumani 1-sektor rahbari Uzaqbergen Utambetov birinchi, Shumanay tumani 3-sektor rahbari Polat Iskenderov ikkinchi, Bo'zatov tumani 4-sektor rahbari Janibek Kazbekov uchinchi bo'ldi.
«Eng namunali ayol ish beruvchi» tanlovida Amudaryo tumani “Tamara tekstil” MChJ rahbari Tamara Yusupova birinchi, Qo'ng'irot tumani “Ustyurt gilamlari” IChK rahbari Guljaysan Saginbaeva ikkinchi, Shumanay tumani “SHOMANAY SHAMENAY” MChJ rahbari Shaxribanu Yusupbaeva uchinchi bo'ldi.
«Eng yaxshi mahalla raisi» tanlovida Nukus shahri “Sarbinaz” MFY raisi Madiyar Aminov birinchi, Chimboy tumani “Pashent tau” OFY raisi Azizbek Aytыmbetov ikkinchi, Qo'ng'irot tumani “Qung'irot” MFY raisi Mariyash Urazalieva uchinchi o'rinni egalladi.
Tanlov g'olib va sovrindorlari tashkilotchilar tomonidan taqdirlandi. Tanlovlarning Qoraqalpog'iston Respublikasi bosqichida birinchi o'rinlarni egallagan g'oliblar respublika bosqichida ishtirok etish uchun yo'llanma oldi.
O'zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Qoraqalpog'iston Kengashi ma'lumotlari asosida tayyorlandi
Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi matbuot xizmati