Korruptsiyaga qarshi kurashish hududiy Kengashining birinchi yig'ilishi bo'lib o'tdi
1700
7 oktyabr kuni Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesida Qoraqalpog'iston Respublikasi Korruptsiyaga qarshi kurashish hududiy Kengashining birinchi yig'ilishi bo'lib o'tdi.
Unda O'zbekiston Respublikasi Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligi, Savdo-sanoat palatasi vakillari, Qoraqalpog'iston Respublikasi Korruptsiyaga qarshi kurashish hududiy Kengashi a'zolari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Majlisni Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi Raisi - Qoraqalpog'iston Respublikasi Korruptsiyaga qarshi kurashish hududiy Kengashi raisi M.Kamalov ochdi va boshqarib bordi.
Ta'kidlanganidek, so'nggi yillarda mamlakatimizda korruptsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish, davlat va jamiyat qurilishining barcha sohalarida korruptsiogen omillarga chek qo'yishga qaratilgan keng ko'lamli islohotlar izchil amalga oshirilmoqda.
Davlat organlari zimmasidagi vazifa va funktsiyalarni bajarishda yuzaga keladigan korruptsiyaga oid xavf-xatarlarni baholash tizimini takomillashtirish hamda davlat xizmatiga halollik standartlarini joriy etish bo'yicha ishlar amalga oshirilmoqda.
Mamlakatda byurokratik to'siqlarni bartaraf etish va «yashirin iqtisodiyot»ni qisqartirish choralari ko'rilmoqda hamda «Korruptsiyasiz soha» loyihalari amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, korruptsiyaga qarshi kurashish samaradorligini tubdan oshirish bo'yicha belgilangan vazifalar korruptsiya holatlarining sabab va shart-sharoitlarini aniqlash, ularni bartaraf etishning ta'sirchan tizimini yaratishni taqozo etmoqda. Ushbu ishlarga fuqarolik jamiyati institutlari va nodavlat sektorning boshqa vakillarini ham keng jalb etish zarurati tug'ilmoqda.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 29 iyun kungi “O'zbekiston Respublikasida korruptsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi Farmonida O'zbekiston Respublikasi korruptsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi va uning hududiy kengashlarini tashkil etishga oid bir qator vazifalar belgilangan.
Bu bo'yicha Korruptsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining 2021 yilning 19 avgustdagi majlisi qaroriga binoan Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar korruptsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashlari to'g'risidagi nizom va hududiy kengashlar a'zolarining namunaviy ro'yxati tasdiqlandi.
Majlisda Korruptsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashining a'zolari tanishtirildi, korruptsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar va ularning ijrosida hududiy kengashlarning o'rni, biznesda korruptsiyaga qarshi kurashishda Savdo-sanoat palatasining o'rni to'g'risida ma'ruzalar qilindi va fikr-mulohazalar tinglandi.
Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi matbuot xizmati