JO'QORG'I KENGES RAISI AQSh ELChISINI QABUL QILDI
1630
Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesining Raisi Murat Kamalov 28 oktyabr kuni AQShning O'zbekiston Respublikasidagi favqulodda va muxtor elchisi Deniel Rozenblyumni qabul qildi.
Uchrashuvda Jo'qorg'i Kenges Raisi M.Kamalov mehmonni respublikamizga tashrifi bilan tabriklab, O'zbekiston va AQSh davlatlari o'rtasidagi strategik sheriklik va o'zaro diplomatik aloqalar savdo-iqtisodiy, ijtimoiy va boshqa sohalarda hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qilib, bu borada amalga oshirilayotgan loyihalar o'zining ijobiy natijalarini berayotganini ta'kidladi.
O'z navbatida AQShning O'zbekiston Respublikasidagi favqulodda va muxtor elchisi Deniel Rozenblyum samimiy qabul uchun Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi Raisiga o'z minnatdorchiligini izhor qildi. Prezidentimiz rahbarligida yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar, jumladan, Qoraqalpog'istonda ro'y berayotgan ulkan o'zgarish va yangilanishlarga yuksak baho berdi.
Qabulda kelajakda hamkorlikni yanada rivojlantirish bo'yicha o'zaro fikr almashildi.
Ma'lumot uchun, AQShning O'zbekiston Respublikasidagi favqulodda va muxtor elchisi Deniel Rozenblyum Qoraqalpog'istonga tashrifi davomida I.V.Savitskiy nomidagi Qoraqalpoq davlat san’at muzeyi, Mizdahqan tarixiy yodgorligi, ta'lim va tibbiyot muassasalari bilan tanishuvi, Orol dengiziga sayohati rejalashtirilgan.

Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesining matbuot xizmati