IChKI IShLAR ORGANLARI XODIMLARINING KASB BAYRAMI NIShONLANDI
3588
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining o'ttiz yilligiga bag'ishlangan tantanali majis bo'lib o'tdi.
O'zbekiston va Qoraqalpog'iston Respublikalarining davlat madhiyalari yangradi.
Tadbirda Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesining Raisi M.Kamalov so'zga chiqib, ichki ishlar organlari xodimlarini kasb bayrami bilan Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi va Vazirlar Kengashi nomidan qizg'in tabrikladi.
Bayram munosabati bilan bir guruh ichki ishlar organlari xodimlari Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi Prezidiumining qarori bilan faxriy unvon va ko'krak nishonlari bilan taqdirlangan edi. Respublika rahbari mazkur faxriy unvonlar va ko'krak nishonlarini o'z egalariga topshirdi.
Qoraqalpog'iston Respublikasi Ichki ishlar vaziri A.Temirxanov so'zga chiqib, Prezidentimiz rahbarligida yurtimizda jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarliklarning oldini olish, profilaktik chora-tadbirlarning samaradorligini oshirish, huquqni muhofaza qilish organlarining jamoatchilik bilan hamkorligini takomillashtirishning ahamiyatiga to'xtalib o'tdi.
So'nggi 5 yil davomida Ichki ishlar organlarining moddiy-texnik bazasi tubdan yaxshilandi, jinoyatchilikning oldini olishda yangicha tizim yaratildi. Jumladan, Qoraqalpog'iston Respublikasi Ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan turar joyga muhtoj 155 xodimga uzoq muddatli, imtiyozli kredit asosida turar joy qurib berildi va o'z egalariga topshirildi. Bugungi kunda 363 profilaktika inspektori xizmat uylari, 276 profilaktika inspektori «Matiz» avtomashinasi bilan ta'minlandi.
Ichki ishlar organlari xodimlari kuni munosabati bilan bir guruh xodimlar Prezidentimiz farmoni bilan Mamlakatimiz ichki ishlar organlaridagi ko'p yillik samarali mehnati, yurtimizda jamoat xavfsizligi, xalqimiz osoyishtaligini ta'minlash, tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashga qo'shgan munosib hissasi, jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarliklar profilaktikasi samaradorligini oshirish, fuqarolarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoya qilish yo'lidagi ibratli faoliyati, sharafli burchini bajarishda mardlik va jasorat namunasini ko'rsatgani, yosh avlodni ona Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash borasidagi alohida xizmatlari uchun, shuningdek, O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining o'ttiz yilligi munosabati bilan mukofotlangan edi. Ular orasida Qoraqalpog'iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi xodimlari ham bor. Jumladan, Nukus tumani ichki ishlar bo'limi boshlig'i Salavat Kazbekov «Mardlik» ordeni, Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov boshqarmasi katta tergovchisi Baxadir Uzaqbaev «Do'stlik» ordeni bilan taqdirlandi. Bundan tashqari, O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining buyrug'i bilan 3 nafar xodim «A’lo xizmatlari uchun», 26 nafar xodim I, II, III-darajali «Benuqson xizmatlari uchun» ko'krak nishoni, 3 nafar xodim Faxriy yorliq, 4 nafar xodim esdalik qo'l soati, 176 nafar xodim va 24 nafar faxriy «O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining 30 yilligi» ko'krak nishoni bilan taqdirlandi.
Tadbir ishtirokchilariga respublikamiz san’at ustalari va vazirlikning «Aral juldыzlarы» ansambli a'zolari ijrosidagi bayram kontserti namoyish etildi.
Tadbirda Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi Q.Sariev ishtirok etdi.









D.ABIBULLAEV, Qoraqalpog'iston xabar agentligi sharhlovchisi,
M.HABIBULLAEV olgan suratlar