“AYQULASh” ANSAMBLIGA 65 YIL
4176
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida «Ayqulash» Qoraqalpoq davlat milliy folklor ansambli tashkil etilganligining 65 yilligi munosabati bilan tantanali tadbir o'tkazildi.
Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi Raisi Murat Kamalov ansambl jamoasini va faxriylarini ansamblning 65 yillik yubileyi bilan qizg'in tabrikladi.
Ta'kidlaganidek, bugungi kunda yurtimizda Prezidentimiz rahbarligida madaniyat va san’at sohasini rivojlantirishga, ijodkor insonlarni har tomonlama qo'llab-quvvatlashga ulkan e’tibor qaratilib, bu borada keng ko'lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xalqimizning betakror madaniyati bilan san’atini rivojlantirishda, uni dunyoga tanitishda «Ayqulash» Qoraqalpoq davlat milliy folklor ansambli alohida o'rin egallaydi. Ushbu ansambl jamoasi milliy qo'shiqchilik, sozandalik va raqs san’ati bo'yicha mamlakat va xalqaro miqyosda katta muvaffaqiyatlarni qo'lga kiritib kelmoqda.
Ansamblning ijodiy jamoasi ko'p asrlik boy madaniyatimiz bilan san’atimizni faqatgina targ'ib etib qolmasdan, xalqimizning ma'naviy dunyosini yanada boyitish, yosh avlodni milliy qadriyatlarimiz va an’analarimizga hurmat, ona Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashda o'zining munosib hissasini qo'shib kelayotganini alohida ta'kidlash joiz.
Davlat tadbirlarining kontsert dasturlari, respublika miqyosida o'tkazilib kelinayotgan umumxalq bayramlar, festivallar va boshqa madaniy tadbirlarda «Ayqulash» ansambli ham faol ishtirok etib kelmoqda.
Ansambl jamoasining Rossiya, Ozarbayjon, Moldova, Ukraina, Belarus, Gruziya, Armaniston, Janubiy Koreya, Xitoy singari bir qator davlatlarda gastrol safarlarida va folklor festivallarida qatnashib, xalqaro madaniy va do'stlik aloqalarini yanada mustahkamlashga salmoqli hissa qo'shishi – bu qoraqalpoq milliy madaniyati va san’atiga bo'lgan hurmat, sadoqat va fidoyilik namunasidir.
Tadbirda Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi Prezidiumining qarori bilan ansambl jamoasining bir guruh a'zolari va nuroniylari Qoraqalpog'iston Respublikasining davlat mukofotlari hamda ko'krak nishonlari bilan taqdirlandi.
Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi Raisi Murat Kamalov mukofotlarni o'z egalariga tantanali ravishda topshirdi.
Tadbirda Qoraqalpog'iston san’at ustalari va yosh iste’dod egalari ijrosidagi kontsert dasturi namoyish etildi.











Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi matbuot xizmati