Jo'qorg'i Kenges Raisi eng olis harbiy qismlarda ko'rkam binolarni foydalanishga topshirdi
1744
So'nggi yillarda Qurolli Kuchlarimizda olib borilayotgan keng qamrovli islohotlarning asosiy maqsadi harbiy xizmatchilar va ularning oila a'zolarining ijtimoiy himoyasini ta'minlash, xizmatni o'tash va yashash uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, qo'shinlarning jangovar shayligini yuksaltirishga qaratilgan. Qurolli Kuchlarimiz tashkil topganining 30 yilligi va “Vatan himoyachilari kuni” bayrami arafasida mamlakatimiz bo'ylab foydalanishga topshirilayotgan ijtimoiy va jangovar tayyorgarlik ob’ektlari bunga yaqqol misol.
7 yanvar kuni Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesining Raisi, hududiy harbiy-mamuriy sektor boshlig'i M.Kamalov hamda Shimoliy-g'arbiy harbiy okrugi qo'shinlari qo'mondoni Nukus tumanida joylashgan harbiy qismlarning birida harbiy xizmatchilarga bayram arafasida tuhfa sifatida yangidan qurilgan ko'rkam Ma'naviyat va ma'rifat markazi hamda qism shtabi binolarini foydalanishga topshirdi.
Tantanali tadbirda harbiy xizmatchilar va ularning oila a'zolari, Qurolli Kuchlar faxriylari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari hamda quruvchilar ishtirok etdi.
Ta'kidlash joizki, bundan oldin eng olis garnizonda joylashgan mazkur harbiy shaharchada istiqomat qilayotgan harbiy xizmatchilar o'z farzandlarini fan va sport to'garaklariga berishda muammolar vujudga kelardi.
Garnizondagi 2-sonli harbiy shaharcha hududida 2021 yilning mart oyida qurilishi boshlangan mazkur ob’ekt ilgari bo'sh turgan 1100 kvadrat metr maydonda bunyod etilib, bino bir qavat va uch majmuadan iborat. Birinchi majmua tantanalar zali hamda mehmonlarni kutib olish xonalarini, ikkinchi majmua harbiy xizmatchilarning farzandlariga xizmat ko'rsatuvchi matematika, mental arifmetika, ona tili, ingliz tili, rus tili va kompyuter savodxonligi bo'yicha to'garak xonalarini o'z ichiga oladi. Uchinchi majmua sportni ommalashtirish, sog'lom turmush tarzini targ'ib qilishga xizmat qilib, unda yopiq sport maydonchasi, fitnes hamda og'ir atletika bilan shug'ullanish uchun zallar barpo etildi.
Tadbir davomida harbiy qismning kapital ta'mirdan chiqqan 22 xizmat xonasidan iborat bo'lgan ikki qavatli shtab binosi ham ezgu niyatlar bilan foydalanishga topshirildi.











Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesining matbuot xizmati