“Nukus” poligonida ham yangi ob’ekt ochildi
1796
Shimoli-g'arbiy harbiy okrugiga qarashli “Nukus” poligonida kapital ta'mirdan chiqarilgan yangi Ma'naviyat va ma'rifat markazi hamda ofitserlar yotoqxonasi binosi foydalanishga topshirildi.
Ushbu tantanali marosimda Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesining Raisi, hududiy harbiy-ma'muriy sektori rahbari Murat Kamalov, Shimoliy-g'arbiy harbiy okrug qo'shinlari qo'mondonligi, harbiy xizmatchilar va Qurolli Kuchlar faxriylari ishtirok etdi.
Poligonga o'zgacha ko'rk berib turgan ushbu ob’ekt hududiy harbiy-ma'muriy sektori rahbari ko'magi bilan qad rostladi.
Endilikda ma'naviyat va ma'rifat ulashuvchi ushbu markazning 196 o'rinli tantanalar zali madaniy hordiq va turli tantanali tadbirlarni o'tkazish, brifinglar xonasida xalqaro miqyosdagi uchrashuvlarni tashkil etish imkoni yaratildi.
Harbiy xizmatchilar bilan o'tkazilishi rejalashtirilgan amaliy mashg'ulotlaridan oldin o'q-dori sarf qilmasdan quroldan o'q otish mashqlarini bajarish imkonini yaratadigan markazning ikkinchi qismida qurilgan panoramali kompyuterlashtirilgan otish trenajyori va o'quv sinfi yurt himoyachilarining jangovar tayyorgarligini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.
17 o'ringa mo'ljallangan ofitserlar yotoqxonasi dala chiqishlari, amaliy mashg'ulot o'tkazish, musobaqa va tanlovlarda ishtirok etish hamda xalqaro harbiy hamkorlik doirasidagi tadbirlarda qatnashish uchun kelgan ofitser va mehmonlarning maroqli dam olishi uchun qulay sharoit yaratib beradi.
Ta'kidlash joizki, Qoraqalpog'iston Respublikasi harbiy-ma'muriy sektori ko'magi bilan 2020 yilda “Nukus” umumqo'shin poligonida 13 ta harbiy va ijtimoiy ob’ektlarda kapital ta'mirlash ishlari olib borilgani natijasida bugun harbiy o'quv markazi jahon standartlariga to'liq javob beradigan va harbiy xizmatchilarning jangovar tayyorgarligini yuksaltirishga xizmat qiladigan maskanga aylandi. Poligonda zamonaviy ko'rinishda ixcham va qulay shart-sharoitlarga ega bo'lgan 400 o'rinli ikkita yotoqxona va o'quv binosi hamda 300 o'rinli oshxona yangidan qurildi va zarur uskuna hamda mebellar bilan jihozlandi.
Boshqaruv punkti, 7 ta o'quv sinfi, 10 o'ringa mo'ljallangan tibbiyot punkti hamda harbiy xizmatchilar uchun kafeteriy qayta qurildi. Maxsus bo'linmalar bilan jangovar tayyorgarlik mashg'ulotlarini real vaziyatga maksimal darajada yaqinlashtirilgan holatda o'tkazish maqsadida razvedka bo'linmalari uchun yaqin jang olib borish shaharchasi, merganlar yo'lagi hamda taktik va maxsus mashqlarni bajarishga mo'ljallangan ko'p qavatli bino qad rostladi. Harbiy xizmatchilarning jismonan chiniqishi hamda turli sport o'yinlari bilan shug'ullanishi uchun mini-futbol maydonchasi, gimnastika shaharchasi, voleybol maydonchasi hamda ringni o'z ichiga olgan ochiq sport majmui barpo etildi.
Jangovar texnikalarni saqlash parki, radiatsion, kimyoviy, biologik qurollardan himoyalanish shaharchasi, jamoaviy ruhiy barqarorlikni shakllantirish inshootlari Vatan posbonlarini ham ruhan, ham jismonan toblab, mashg'ulotlarning sifatli o'tkazilishini ta'minlab kelmoqda.








Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesining matbuot xizmati