O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma to'rtinchi yalpi majlisi to'g'risida AXBOROT
2265
2022 yil 17 mart kuni Toshkent shahrida O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma to'rtinchi yalpi majlisi o'z ishini boshladi.
Videokonferentsaloqa tarzida o'tkazilgan majlisda hukumat a'zolari va idoralar rahbarlari, Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti a'zolari hamda mamlakatimiz va chet el ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Yalpi majlisni O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbaeva olib bordi.
Yalpi majlis ishi "O'zbekiston" va “UzReport” telekanalari, shuningdek, Senatning www.senat.uz rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali to'g'ridan-to'g'ri yoritib boriladi.
Dastlab senatorlar tomonidan Tashqi ishlar vazirligining 2021 yildagi faoliyati to'g'risidagi axboroti eshitildi.
Hisobot davrida vazirlik O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoevning tashqi siyosatiga muvofiq xalqaro maydonda respublika manfaatlarini ilgari surish, mamlakat rivojlanishi uchun qulay tashqi sharoitlarni ta'minlash, xorijiy mamlakatlar va xalqaro tashkilotlar bilan o'zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash, xalqaro munosabatlar sohasidagi davlat tuzilmalarining faoliyatini muvofiqlashtirish bo'yicha faoliyat olib borgani ta'kidlandi.
2021 yilda 8 ta xorijiy tashrif va 150 ga yaqin turli oliy darajadagi uchrashuvlar, onlayn muloqotlar va telefon orqali muzokaralar tashkil etildi. O'zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzi ortib borayotgani tufayli BMT va EXHT doirasida mamlakatimizning 50 dan ortiq xalqaro tashabbuslari bo'yicha 5 ta maxsus rezolyutsiya qabul qilindi.
Muhokama chog'ida Afg'onistondagi vaziyat bo'yicha O'zbekistonning siyosati va tashabbuslariga xalqaro hamjamiyat tomonidan yuksak baho berilgani alohida ta'kidlandi.
O'tgan 2021 yilda mamlakatimiz tashqi siyosatida “iqtisodiy diplomatiya”ga ustuvor ahamiyat berildi. Samaradorlikni oshirish va xorijiy hamkorlar bilan yuzaga keladigan muammolarni o'z vaqtida hal etish maqsadida diplomatik vakolatxonalar tomonidan har bir investitsiya loyihasi bilan alohida ish olib borish tizimi tashkil etildi. Xorijiy mamlakatlar ishbilarmon doiralarining O'zbekistonga 1100 dan ortiq tashrifi tashkil etildi.
Evropa komissiyasi tomonidan 2021 yil 10 apreldan boshlab O'zbekistonga “GSP+” tizimining benefitsiari maqomi berilgani mamlakatimiz tashqi siyosatining muhim yutuqlaridan biri bo'ldi.
Vazirlik va mamlakatimizning xorijdagi diplomatik vakolatxonalarining tizimli va muvofiqlashtirilgan faoliyati natijasida 2021 yilda jami 686,3 mln dollarlik 912 ta savdo bitimi tuzildi.
Senatorlar elchixonalar tomonidan taklif etiladigan investitsiya loyihalari etarli darajada ishlab chiqilmaganligini, shu sababli ularning katta qismi istiqbolsiz deb tan olinayotganini ta'kidladi.
Loyihalarning o'rtacha to'rtdan bir qismi amalga oshirish bosqichiga etib bormayapti. Jumladan, Qoraqalpog'istonda diplomatik vakolatxonalar tomonidan taklif etilgan 54 ta loyihadan 13 tasi istiqbolsiz deb topildi. Toshkent viloyatida 41 loyihadan 11 tasi amalga oshirilmayapti.
Shuningdek, qator diplomatik vakolatxonalarning respublika mintaqalari bilan o'zaro hamkorligi darajasi etarli emasligi ham ko'rsatib o'tildi. Misol uchun, bir qancha bitim va shartnomalar tuzilganiga qaramay, qator hamkor davlatlar bo'yicha mintaqalararo hamkorlikda amaliy natijalarga erishilmagan.
Har tomonlama va ochiq muhokama yakunlari bo'yicha Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.
Shundan so'ng senatorlar “O'zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksini tasdiqlash to'g'risida”gi Qonunni ko'rib chiqdilar.
Senatorlar tomonidan 1995 yilda qabul qilingan amaldagi Mehnat kodeksi tahriri zamonaviy voqelikka mos kelmasligi va xususiy tadbirkorlik rivojlanishi jarayonida ish beruvchining mas’uliyatini, fuqarolarni mehnat faoliyatiga jalb qilishning yangi, turli xil shakllarining faol rivojlanishini hisobga olmasligi, shuningdek, ish beruvchilarga, xususan, qo'shimcha ishchilarni mehnatga jalb qilishning sodda shakllarini tanlashga imkon beradigan etarli shart-sharoitlar yaratmasligi ta'kidlandi.
Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksini ishlab chiqishda xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar jumladan, Germaniya, Shvetsiya, Norvegiya, Buyuk Britaniya, Latviya, Estoniya Yaponiya, Janubiy Koreya hamda MDH davlatlari tajribasi chuqur o'rganilgani qayd etildi.
Kodeks mehnat huquqining ayrim institutlariga bag'ishlangan va bandlik, individual mehnat munosabatlari, xodimlarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, ayrim toifadagi xodimlar mehnatini tartibga solish xususiyatlari, xodimlarning mehnat huquqlarini himoya qilish, mehnat nizolarini ko'rib chiqish kabi yangi normalarni o'z ichiga olgan.
Shuningdek, Kodeksni dastlab Senatning qo'mitalarida ko'rib chiqish jarayonida tegishli davlat va nodavlat tashkilotlari, ijtimoiy tarmoqlardagi hamda fuqarolardan kelib tushgan takliflar keng muhokama qilindi.
Xususan, yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlarni va ular bilan bevosita bog'liq bo'lgan ijtimoiy munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solishning asosiy printsiplari, mehnat munosabatlaridagi kamsitish omillari, xizmat tekshiruvi hamda jamoaviy mehnat nizolari yuzasidan kiritilayotgan normalarga alohida e’tibor qaratildi.
Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi qabul qilinishi bozor iqtisodiyoti talablarini hisobga olgan holda xodimlar va ish beruvchilar manfaatlari muvozanatini ta'minlash, kichik biznes va yakka tadbirkorlik sohasiga mehnat qonunchiligini tatbiq etishni soddalashtirish, shuningdek, mazkur sohalarda yollanib ishlovchilar mehnatini huquqiy tartibga solish xususiyatlarini hisobga olish, Mehnat kodeksi qoidalarini xalqaro huquq normalari, shu jumladan, O'zbekiston Respublikasi tomonidan ratifikatsiya qilingan xalqaro shartnomalarga moslashtirishga xizmat qilishi ta'kidlandi.
Muhokama yakunida senatorlar tomonidan Qonun ma'qullandi.
So'ngra “Nobank kredit tashkilotlari va mikromoliyalashtirish faoliyati to'g'risida”gi Qonun ko'rib chiqildi.
Mazkur Qonun “2020–2025 yillarga mo'ljallangan O'zbekiston Respublikasining bank tizimini isloh qilish strategiyasi to'g'risida”gi Prezident Farmoni hamda “Yoshlarni qo'llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” davlat dasturining ijrosi yuzasidan ishlab chiqilgan.
Qonun bilan banklarning ayrim turdagi moliyaviy operatsiyalarini amalga oshirish huquqiga ega bo'lgan mikrokredit tashkilotlari, lombardlar va ipotekani qayta moliyalashtirish tashkilotlari faoliyatini tartibga soluvchi normalar tizimlashtirilmoqda.
Ta'kidlanganidek, bugungi kunda nobank kredit tashkilotlari faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar tarqoq bo'lib, ushbu tashkilotlarni tuzish va ularning faoliyati sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi, to'g'ridan-to'g'ri amal qiluvchi normalarni o'z ichiga olgan yaxlit qonun hujjati mavjud emas.
Qonun bilan nobank kredit tashkilotlari faoliyatining o'ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda ular tomonidan amalga oshiriladigan (ko'rsatiladigan) moliyaviy operatsiyalar (xizmatlar) ro'yxati belgilanmoqda.
Shuningdek, nobank kredit tashkilotlarini tashkil etishga qo'yiladigan talablar, shu jumladan ularning tashkiliy-huquqiy shakli, muassislari va ishtirokchilari (aktsiyadorlari), rahbar xodimlari (kuzatuv kengashi a'zolari va ijro etuvchi organ, bosh buxgalter), shuningdek, ustav fondi (ustav kapitali) va uning eng kam miqdoriga qo'yiladigan talablar aniqlashtirilmoqda.
Qonun bilan lombardlar tomonidan Markaziy bankka faoliyatni boshlaganlik to'g'risida xabarnoma yuborilishining tartibi, shuningdek mikromoliya tashkilotlari va ipotekani qayta moliyalashtirish tashkilotlarini hisob ro'yxatidan o'tkazishning yagona tartibi nazarda tutilmoqda. Bunda litsenziyalash o'rniga hisob ro'yxatidan o'tish joriy qilinmoqda, hisob ro'yxatidan o'tish uchun zarur bo'lgan hujjatlar ro'yxati, ularni ko'rib chiqish va tegishli qaror qabul qilish tartibi belgilanmoqda.
Shu bilan birga, nobank kredit tashkilotlari xizmatlari iste’molchilarining huquqlarini himoya qilish bo'yicha qoidalar, shu jumladan ular tomonidan ko'rsatiladigan xizmatlar to'g'risidagi ma'lumotlarni oshkor qilish, shartnoma shartlarini bir tomonlama tartibda o'zgartirmaslik, shuningdek, nobank kredit tashkilotlarining qarz oluvchilari va kreditorlarining moliyaviy operatsiyalari bo'yicha axborotning maxfiyligini kafolatlash kabi majburiyatlar belgilanmoqda.
Qonun qabul qilinishi natijasida mikromoliya tashkilotlari tomonidan ko'rsatiladigan xizmat turlarining kengaytirilishi, kichik tadbirkorlik sub’ektlarining moliyaviy resurslarga, shu jumladan islomiy moliyalashtirishga oid xizmatlarga bo'lgan talabi qondirilishiga erishiladi.
Shu bilan birga, nobank kredit tashkilotlari banklar va boshqa moliya tashkilotlarining agentlari sifatida faoliyat yuritishi respublikaning chekka va olis hududlaridagi aholi va kichik tadbirkorlik sub’ektlarining moliyaviy xizmatlar bilan qamrab olinishiga erishiladi.
Mazkur Qonun aholi va tadbirkorlik sub’ektlarining moliyaviy resurslarga bo'lgan ehtiyojini qondirish hamda nobank kredit tashkilotlari faoliyatini rivojlantirishda ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Qonun senatorlar tomonidan ma'qullandi.
Shundan keyin senatorlar tomonidan “Kiberxavfsizlik to'g'risida”gi Qonun muhokama qilindi.
Qonun 8 ta bob va 40 ta moddadan iborat bo'lib, ularda Qonunning maqsadi, vazifalari, asosiy tushunchalar, kiberjinoyatchilikning oldini olish, unga qarshi kurashishning printsiplari, yo'nalishlari, usullari, mas’ul davlat organi va uning vakolatlari, kiberxavfsizlik hodisalari bo'yicha choralar ko'rish hamda xalqaro hamkorlik masalalari nazarda tutilmoqda.
Jumladan, Qonunning maqsadi mamlakatimizda kiberxavfsizlik sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat bo'lib, uning asosiy vazifalari kibermakonda shaxs, jamiyat va davlat manfaatlarini tashqi va ichki tahdidlardan himoya qilish hisoblanadi.
Qonunda kiberjinoyatchilik, kibertahdid, kiberxavfsizlik, kiberhimoya va kiberhujum kabi tushunchalar qo'llanib, kiberxavfsizlikni ta'minlashning asosiy printsiplari va bu sohadagi davlat siyosatining asosiy yo'nalishlari belgilanmoqda.
Shuningdek, Qonun bilan O'zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati kiberxavfsizlik sohasidagi vakolatli davlat organi etib belgilanib, uning huquqlari va majburiyatlari mustahkamlab qo'yilmoqda.
Bundan tashqari, Qonun davlat organlari va tashkilotlarining kiberxavfsizlikni ta'minlash borasidagi huquq va majburiyatlarini nazarda tutadi.
Shu bilan birga, Qonun bilan kiberxavfsizlik sub’ektlarining huquq va majburiyatlari, ularning kiberxavfsizlik talablariga muvofiqligi yuzasidan ekspertizadan majburiy tartibda yoki kiberxavfsizlik sub’ektlarining tashabbusiga ko'ra amalga oshirilishi belgilab berilmoqda.
Qonunda kiberjinoyatchilik hodisalarini tekshirish, choralar ko'rish, sodir bo'lgan hodisalar to'g'risidagi axborotni oshkor qilishga qaratilgan qator chora-tadbirlar mustahkamlab qo'yilmoqda.
Qonunning qabul qilinishi, birinchidan, shaxs, jamiyat va davlatning xavfsizligini ta'minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ikkinchidan, u kiberxavfsizlikni davlat tomonidan tartibga solish, huquqiy, tashkiliy, ilmiy-texnik va me’yoriy uslubiy ta'minot tizimini takomillashtirishga, axborot tizimlari va resurslarining yaxlitligini ta'minlashga salmoqli hissa qo'shadi.
Uchinchidan, Qonun ruxsatsiz harakatlar, axborotni yo'q qilish, o'zgartirish, buzish, nusxalash, bloklash va mamlakatning axborot tizimlari va tarmoqlariga noqonuniy aralashishning boshqa shakllarining oldini olishga xizmat qiladi.
Qonun senatorlar tomonidan ma'qullandi.
So'ngra “Organik mahsulotlar to'g'risida”gi Qonun muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, hujjat organik mahsulotlar (organik mahsulotlarni ishlab chiqarish, qayta ishlash, saqlash, transportda tashish, tamg'alash va realizatsiya qilish, shuningdek muvofiqlikni baholash va avtorizatsiyalashtirish) sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan.
Ushbu Qonunda organik mahsulotlarni ishlab chiqaruvchilarning huquq va majburiyatlari belgilangan bo'lib, unga muvofiq ular ishlab chiqarish, qayta ishlash, saqlash, transportda tashish va realizatsiya qilish chog'ida o'z firma nomidan, tovar belgisidan va xizmat ko'rsatish belgisidan foydalanish, organik mahsulotlarni ishlab chiqarish, qayta ishlash, saqlash, transportda tashish va realizatsiya qilish uchun zarur bo'lgan xizmatlar (ishlar) turlarini, shu jumladan muvofiqlikni baholash organlarini va maslahat xizmatlari ko'rsatuvchi tashkilotlarni mustaqil ravishda tanlash huquqiga ega.
Shuningdek, Qonun bilan organik mahsulotlarni ishlab chiqaruvchilar faoliyati doirasida organik mahsulotlar to'g'risidagi qonunchilik hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga rioya etishi belgilangan.
Ushbu Qonun bilan organik mahsulotlarni ishlab chiqarishga doir shartlar va talablar, ularni O'zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish va davlatimiz hududidan olib chiqish tartibi mustahkamlanmoqda.
Bundan tashqari, muvofiqlikni baholash organini avtorizatsiyalashtirish, organik mahsulotlar sohasidagi ekvivalentlikni baholash, organik mahsulotlarni tamg'alash mexanizmlari ham ochib berilgan.
Qonunning qabul qilinishi organik qishloq xo'jaligi mahsulotlari va xomashyo ishlab chiqarish tizimidagi munosabatlarni shakllantirishning huquqiy asosini yaratish, organik qishloq xo'jaligi mahsulotlari va xomashyo ishlab chiqarish faoliyatini rivojlantirish, shuningdek, xo'jalik sub’ektlari munosabatlarini huquqiy tartibga solishga yordam beradi.
Qonun senatorlar tomonidan ma'qullandi.
Shuningdek yalpi majlisda yangi tahrirdagi “Reklama to'g'risida”gi Qonun ko'rib chiqildi.
Yangi tahrirdagi “Reklama to'g'risida”gi Qonunga zarurat shundaki, amaldagi Qonunda umumiy tusga ega bo'lgan va ishlamaydigan normalar mavjud bo'lib, ular reklama faoliyati bilan bog'liq munosabatlarni to'liq qamrab olmagan.
Xususan, reklama faoliyatiga qo'yiladigan talablarning etarli emasligi, davlat va nodavlat tashkilotlarining reklama sohasidagi vakolatlari aniq belgilanmaganligi ko'plab huquqbuzarliklar sodir etilishiga sabab bo'lmoqda.
Amaldagi “Reklama to'g'risida”gi Qonun 1998 yil 25 dekabrda qabul qilingan bo'lib, bugungi kunga qadar unga 15 marotaba o'zgartish va qo'shimchalar kiritilgan. Shuningdek, ushbu soha qonundan tashqari yana 3 ta idoraviy hujjat bilan ham tartibga solinmoqda.
Yangi tahrirdagi Qonunda ushbu qonunosti hujjatlari normalari ham kiritilib, reklama faoliyatini tartibga soluvchi yaxlit hujjat sifatida aks ettirilgan.
Ta'kidlanganidek, Qonun normalarini qo'llashda noaniqliklarga olib kelgan ayrim tushunchalarga aniqlik kiritilib yangi tushunchalar bilan to'ldirilgan.
O'zbekiston Respublikasi hududida reklama davlat tilida tarqatiladi, qo'shimcha ravishda uning tarjimasi boshqa tillarda takrorlanishi mumkin.
Qonunda reklama beruvchining, reklama tayyorlovchi va tarqatuvchining huquq va majburiyatlari belgilangan.
Shuningdek, tashqi reklama va axborot ob’ektlarini (konstruktsiyalarini) o'rnatish chizmasi shaharsozlik rejalashtirish hujjatlariga muvofiq bo'lishi hamda mavjud binolarning tashqi me’moriy qiyofasiga, shaharsozlik normalari va qoidalariga, xavfsizlik talablariga rioya etilishini ta'minlashi kerak.
Xususan, tashqi reklama va axborot ob’ektlarini o'rnatish chizmasi hamda unga kiritiladigan o'zgartirishlar Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashining, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining rasmiy saytlarida e’lon qilinishi lozim.
Qonunchilik va huquqni qo'llash amaliyoti hamda xorijiy tajribadan kelib chiqqan holda reklamaga qo'yilgan talablar kuchaytirilib, yangi normalar kiritilmoqda.
Jumladan, darsliklar va daftarlarda reklama joylashtirish, reklama narxlarini xorijiy valyutada ko'rsatish, axloq va ma'naviyatning umum qabul qilingan normalariga zid keluvchi shakl, ibora, va obrazlardan foydalanish, tovarning asosiy xususiyatlari to'g'risidagi ma'lumotlarni iste’molchidan yashirish taqiqlanmoqda.
Qonunning yana bir muhim jihati voyaga etmaganlarni reklamadan, xususan uning salbiy ta'siridan himoya qiluvchi va reklamada voyaga etmaganlar ishtirokini cheklovchi yangi normalar bilan to'ldirilganidir.
Jumladan, voyaga etmaganlarni xavfli vaziyatlarda ko'rsatish, ota-onalar va tarbiyachilarni obro'sizlantirish, voyaga etmaganlarning ularga bo'lgan ishonchiga putur etkazish, voyaga etmaganlar olishi yoki iste’mol qilishi taqiqlangan tovarlarni telekanallarda, voyaga etmaganlar uchun mo'ljallangan teleko'rsatuvlar va radioeshittirishlarda reklama qilish taqiqlanmoqda.
Bundan tashqari, Qonunda dori vositalari reklamasiga qat’iy talablar o'z aksini topgan. Endilikda taniqli shaxslarning, tibbiyot xodimlarining yoki tashqi ko'rinishi shifokorlarning tashqi ko'rinishiga o'xshash shaxslarning ishtirokidan foydalanish taqiqlanadi.
Senatorlar muhokamada Qonunda bayon etilgan ayrim moddalarning hayotga tatbiq etilishi bilan bog'liq jarayonlarga ham e’tibor qaratdi.
Xususan, ayrim turdagi reklama vositalari orqali reklama tarqatishning o'ziga xos xususiyatlari, jumladan, televidenie, radio, bosma OAV, telekommunikatsiya tarmoqlari va Internet jahon axborot tarmog'ida tarqatiladigan reklamaga qo'yiladigan talablar birma-bir ko'rib chiqildi.
Telekanallar efirida tarqatilayotgan reklamaning umumiy davomiyligi ko'rsatuv vaqtining bir soati davomida yigirma foizdan, biroq bir sutkada ko'rsatuv vaqtining o'n besh foizidan oshishi mumkin emas. Davomiyligi o'n daqiqadan kam bo'lgan teleko'rsatuvlarni reklama bilan uzib qo'yishga va reklama bilan birga namoyish etishga yo'l qo'yilmaydi.
Qonun senatorlar tomonidan ma'qullandi.
Shundan keyin senatorlar “O'zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksiga qiynoqqa solishdan jabrlanganlarga etkazilgan zararni qoplash tartibini takomillashtirishga qaratilgan qo'shimchalar kiritish to'g'risida”gi Qonun muhokama qilindi.
Majlisda senatorlar so'nggi yillarda fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlarini yanada kuchaytirish, jumladan qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g'ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo'llash holatlariga mutlaqo yo'l qo'ymaslik maqsadida keng ko'lamli ishlar amalga oshirilayotganini qayd etdi.
Ushbu Qonun ham mazkur ijobiy ishlarning mantiqiy davomi ekanligi ta'kidlanib, hujjatni qabul qilish zarurati muhokama qilindi.
Xususan, qiynoqqa solishdan jabrlanganlarga ijtimoiy, huquqiy, psixologik va tibbiy yordam ko'rsatilishi hamda ularga etkazilgan zararning kompensatsiya qilinishini ta'minlash, bunda qiynoqdan jabrlangan shaxslarga etkazilgan jismoniy va ruhiy zarar, moddiy zarar yoki boy berilgan foyda, ma'naviy zarar, yuridik yordam, dori vositalari va tibbiy xizmat, psixologik va ijtimoiy xizmatlar uchun qilingan xarajatlar to'lab berilishi ta'kidlandi.
Shuningdek, O'zbekiston BMTning Qiynoqlarga qarshi konventsiyasini 1995 yilda ratifikatsiya qilgani, mazkur Qonun bilan inson huquq va erkinliklari sohasida, shu jumladan, qiynoqlarga yo'l qo'ymaslik uchun zarur tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlarni yaratishga doir xalqaro majburiyatlarini bajarish yo'lida tizimli, izchil va bosqichma-bosqich chora-tadbirlarni davomiy amalga oshirilayotgani ma'lum qilindi.
Bundan tashqari, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti 2021 yil 22 fevral kuni BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashi 46-sessiyasida milliy preventiv mexanizmni takomillashtirish BMTning Qiynoqlarga qarshi konventsiyasi Fakultativ protokolining O'zbekiston tomonidan ratifikatsiya qilinishining amaliy natijasi ekanini ta'kidladi.
Qonun senatorlar tomonidan ma'qullandi.
So'ngra “Inson a'zolari va to'qimalarining transplantatsiyasi to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinishi munosabati bilan O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish haqida”gi Qonun ham ko'rib chiqildi.
Jinoyat kodeksining 133-moddasi birinchi qismiga kiritilayotgan o'zgartishlarga asosan inson a'zolarini va (yoki) to'qimalarini olish hamda transplantatsiya qilishning belgilangan shartlari va tartibini buzganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanmoqda.
Biroq ushbu Kodeks 133-moddasi birinchi qismining amaldagi tahririda shaxs tirikligida uning roziligini olmasdan turib yoki o'lganidan keyin yaqin qarindoshlarining roziligisiz ilmiy ishlar yoxud ta'lim ishlari uchun transplantatsiya qilish yoki buzilmaydigan holda saqlash (konservatsiya) maqsadida murdaning a'zolari yoki to'qimalarini ajratib olish uchun jinoiy javobgarlik belgilangan.
Kodeksga kiritilayotgan o'zgartishlarga asosan endilikda inson o'z a'zolarini ilmiy ishlar yoxud ta'lim ishlari uchun transplantatsiya qilishga rozilik bergan taqdirda yoki bunday rozilikni uning vafotidan so'ng yaqin qarindoshi berganda ham bunday ishlar uchun jinoiy javobgarlik kelib chiqishi mumkin.
Shuning uchun Jinoyat kodeksi 133-moddasining birinchi qismini qayta ko'rib chiqish maqsadga muvofiq ekanligi aytildi.
Shuningdek, “Inson a'zolari va to'qimalarining transplantatsiyasi to'g'risida”gi Qonunning 14-moddasida ham inson a'zolarining va (yoki) to'qimalarining oldi-sotdisi taqiqlanishi, 3-moddasida esa inson a'zosini va (yoki) to'qimalarini olishga ixtiyoriy rozilikning mavjudligi, bepul asosda hamda notarial tartibda tasdiqlangan yozma shaklda bo'lishi kerakligi belgilanmoqda.
Ushbu qoida Fuqarolik kodeksining 105-moddasi birinchi qismida qayd etilgan yozma shakldagi bitim tuzilishi kerakligini ko'rsatmoqda.
Biroq fuqarolik to'g'risidagi qonunchilikka asosan kelishuvlarning boshqacha shakllari ham mavjud ekanligini qayd etish lozim.
Shu boisdan inson a'zolari va (yoki) to'qimalarining qonunga xilof tarzda transplantatsiya qilinishini oldini olish maqsadida bunday bitimlar (shartnomalar) tuzilishi uchun ham jinoiy javobgarlikni belgilash maqsadga muvofiq.
Bundan tashqari, “Inson a'zolari va to'qimalarining transplantatsiyasi to'g'risida”gi Qonunning 10-moddasida inson a'zolarini va (yoki) to'qimalarini uning murdasidan olishga uning tiriklik chog'idagi notarial tartibda tasdiqlangan yozma roziligi mavjud bo'lgan taqdirda yo'l qo'yishi qayd etilgan.
Bu holatda “Dafn etish va dafn ishi to'g'risida”gi Qonunning 5-moddasini “Inson a'zolari va to'qimalarining transplantatsiyasi to'g'risida”gi Qonunga muvofiqlashtirish maqsadga muvofiq.
Qonunda tartibga solinadigan javobgarlik munosabatlarining ahamiyatini e’tiborga olib, senatorlar ushbu Qonunni qayta ko'rib chiqishni, unga kompleks yondashib, takomiliga etkazishni lozim deb hisobladi.
Qonun senatorlar tomonidan rad etildi.
Shundan keyin senatorlar tomonidan “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida”gi Qonun muhokama qilindi.
Ma'lumki, mamlakatimizda davlat organlarining aholi bilan muloqotini takomillashtirish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoyasini ta'minlash, ularning muammolarini hal etishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, mazkur sohaga doir bir qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmoni hamda qarori bilan O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi tashkil etilib, uning faoliyati yo'lga qo'yilgan.
Ushbu Qonunga muvofiq 3 ta kodeks hamda 4 ta qonunga o'zgartish va qo'shimchalar kiritilmoqda.
Ta'kidlanishicha, Qonun bilan qonunchilikka quyidagi bir qator o'zgarishlar kiritilmoqda.
Birinchidan, amaldagi qonunchilikda sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini davlatning majburlov kuchini safarbar qilmagan holda ijro qilishning muqobil huquqiy mexanizmlari mavjud bo'lmaganligi bois “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to'g'risida”gi Qonunga 7 ta toifadagi sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlari bo'yicha ijro hujjatlarining ixtiyoriy ijrosini ta'minlash choralarini ko'rish, ushbu choralar natijasiz bo'lgan taqdirda oxirgi chora sifatida majburiy ijro organlariga murojaat qilish tartibini joriy etish belgilanmoqda.
Shuningdek, Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksning 1982-moddasi Majburiy ijro byurosi organlariga taqdim etilguniga qadar ayrim toifadagi ijro hujjatlarining ijrosini ta'minlamaganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi normalar bilan to'ldirilmoqda.
Ikkinchidan, sud hujjatlarining ijro etilishiga to'sqinlik qilganlik va sud hujjatining majburiy ijrosi jarayoniga aralashganlik uchun javobgarlik qonunchilikda mavjud bo'lmaganligi tufayli Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksning 1982-moddasi sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarining majburiy ijrosi jarayoniga aralashganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda.
Shuningdek, sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarining majburiy ijrosi jarayoniga aralashganlik harakatini ma'muriy jazo qo'llanilganidan keyin davom ettirganlik uchun Jinoyat kodeksiga jinoiy javobgarlik belgilanmoqda.
Uchinchidan, ijro hujjatini ijro etmaganlik, shuningdek, sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to'g'risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlikni harbiy xizmatchilar va ichki ishlar organlari xodimlariga nisbatan ham tatbiq etish belgilanmoqda.
To'rtinchidan, Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksning 1982-moddasi ijro hujjatlari bo'yicha qarzdorlik mavjudligini tekshirmasdan yirik bitimlar tuzishni amalga oshirganlik yoxud ayrim turdagi moliya-kredit xizmatlari, xalqaro yo'lovchi tashish xizmatlari va davlat xizmatlarini ko'rsatganlik uchun javobgarlik belgilangan norma bilan to'ldirilmoqda.
Senatorlarning qayd etishicha, Qonunning qabul qilinishi natijasida ijro tartib-taomillari yanada soddalashtiriladi hamda sud va boshqa organlar hujjatlarining so'zsiz va o'z vaqtida ijro etilishi ta'minlanishi, davlatning majburlov kuchini oxirgi chora sifatida qo'llash, tegishli rag'batlantirish va huquqiy ta'sir choralari orqali fuqarolar hamda yuridik shaxslarda sud qarorlarini ixtiyoriy bajarish madaniyati shakllanishi uchun zarur sharoitlar yaratilishi, shuningdek, sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlari ijrosining samaradorligi yanada oshirilishi ta'minlanadi.
Muhokamalar so'nggida senatorlar Qonunni ma'qulladi.
Shundan keyin senatorlar “Korporativ boshqaruv tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida”gi Qonunni ko'rib chiqdilar.
Qonun rivojlangan xorijiy davlatlarning ijobiy tajribasi va Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti (IHRT)ning tavsiyalari asosida tayyorlangan.
Jumladan, Qimmatli qog'ozlarning markaziy depozitariysiga Markaziy bankda ham hisobvaraq ochib, qimmatli qog'ozlarning uyushgan savdosida qimmatli qog'ozlarga doir bitimlar natijalari bo'yicha pul mablag'larining hisob-kitoblarini amalga oshirish huquqini berilishini ko'zda tutuvchi “O'zbekiston Respublikasining Markaziy banki to'g'risida”gi va “Qimmatli qog'ozlar bozori to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasi qonunlariga o'zgartishlar kiritilmoqda.
Fuqarolik kodeksiga unitar korxonani boshqarish organi sifatida kuzatuv kengashini joriy etish mumkinligi kiritilayotgan bo'lib, ushbu normaning amalga joriy etilishi unitar korxona va uning egalari manfaatlari yo'lida faoliyat yuritilishini hamda korxona rahbari faoliyati ustidan samarali nazoratni o'rnatilishini ta'minlaydi.
“Aktsiyadorlik jamiyatlari va aktsiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to'g'risida”gi Qonunda aktsiyadorlik jamiyatlarini boshqarishda davlat ishtirokining maxsus huquqi (“oltin aktsiya”) bekor qilinayotgan bo'lib, uning bekor qilinishi yirik salohiyatli investorlarning xususiylashtiriladigan korxonalarga bo'lgan qiziqishini ortishiga ijobiy ta'sir etadi.
Shuningdek, korxonalarni o'rta va uzoq muddatli (3-5 yillik) rivojlantirish strategiyasining amalga oshirilishini ta'minlash orqali korporativ boshqaruvning samaradorligini oshirish maqsadida “Aktsiyadorlik jamiyatlari va aktsiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to'g'risida”gi Qonunda ijroiya organi va kuzatuv kengashi a'zolari vakolatlari muddatini bir yildan uch yilgacha uzaytirish belgilab qo'yilmoqda.
Shundan kelib chiqib, minoritar aktsiyadorlar huquqlarini ta'minlash, ularni korxonani boshqarishdagi rolini oshirish hamda manfaatlar to'qnashuvi holatlarini kamaytirish maqsadida “Aktsiyadorlik jamiyatlari va aktsiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to'g'risida”gi va “Auditorlik faoliyati to'g'risida”gi qonunlarda minoritar (5 foizga ega) aktsiyador (ishtirokchi)larga auditorlik tekshiruvini o'tkazish tashabbusi bilan chiqish huquqi berilmoqda.
Umuman, Qonun davlat ishtirokidagi korxonalarni boshqarishda korporativ boshqaruvning ilg'or tajribasini joriy etish orqali ularni samaradorligini yanada oshirishga hamda qimmatli qog'ozlar bozorining asosiy infratuzilma ob’ekti hisoblangan Qimmatli qog'ozlar markaziy depozitariysi faoliyatini takomillashtirilishini ta'minlaydi.
Qonun senatorlar tomonidan ma'qullandi.
Shuningdek, yalpi majlisda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo'yicha vakili (ombudsman)ning 2021 yildagi faoliyati to'g'risidagi hisoboti eshitildi.
Ta'kidlanishicha, Ombudsman va uning mintaqaviy vakillari tomonidan 9 ta asosiy yo'nalishlar bo'yicha ishlar amalga oshirilgan.
Xususan, fuqarolarning murojaatlarini ko'rib chiqish, qonunchilikni va normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish hamda inson huquqlarini ta'minlash bo'yicha monitoringlar olib borish, qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g'ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarining oldini olish, mintaqaviy vakillari faoliyati, Bola huquqlari bo'yicha vakilning faoliyati, aholini huquqiy savodxonlik va huquqiy madaniyatni oshirish, Ombudsman faoliyatining ochiqligi va shaffofligi, shuningdek, inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish sohasida xalqaro hamkorlik qilish kabi yo'nalishlarda qator ishlar amalga oshirilgan.
Shu bilan birga, senatorlar tomonidan Ombudsmanga kelib tushgan ijtimoiy, iqtisodiy va ekologik huquqlar bilan bog'liq murojaatlar o'tgan yilga nisbatan kamaygan bo'lsa-da, fuqarolarning shaxsiy huquq va erkinliklari bilan bog'liq murojaatlar soni oshganligi qayd etildi.
Bundan tashqari, murojaatlar to'liq, xolisona va chuqur ko'rib chiqilmaganligi, unga yuzaki yondashilganligi hamda murojaat mualliflariga javob xatlari o'z vaqtida yuborilmaganligi oqibatida hisobot davrida kelib tushgan murojaatlarning 4 655 tasi yoki 25 foizini takroriy murojaatlar tashkil qilgani tanqid qilindi. Bu ko'rsatkich o'tgan yilga nisbatan 2 baravarga ko'paygan.
2021 yilda Ombudsman tomonidan tegishli davlat organlari va tashkilotlarga kiritilgan jami 94 ta ta'sir choralardan (xulosa, taqdimnoma va da'vo ariza) faqat 58 tasi (61 foizi) qanoatlantirilgan. Ammo qolgan ta'sir choralarining to'liq echimi ta'minlanmagani, bunda Ombudsman tomonidan Oliy Majlis palatalarining parlament nazorati institutidan etarli foydalanmagani qayd etildi.
Shu bilan birga, harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslarni qiynoqqa solish va kamsituvchi muomalada bo'lish bo'yicha o'tkazilgan monitoringning natijadorligi etarli emasligi ham ko'rsatib o'tildi.
Shuningdek, majlisda senatorlar tomonidan Ombudsmanga fuqarolarning murojaatlarini xolisona ko'rib chiqish hamda mualliflarga o'z vaqtida va asosli javob berish orqali takroriy murojaatlar sonini kamaytirishga, vazirlik, davlat idoralari hamda nodavlat tashkilotlari bilan birgalikda mahallalarda fuqarolarni huquqiy madaniyati va bilimlarini oshirishga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirish hamda murojaatlarda qayd etilgan muammolarni joyida hal etish borasida tegishli tavsiyalar berildi.
Mazkur masala yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.
Shundan so'ng senatorlar Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanining chegaralarini o'zgartirish va Ko'kdala tumanini tashkil etish to'g'risidagi masalani ko'rib chiqdi.
Majlisda Ko'kdala tumanini tashkil etilishiga sabab bo'lgan asosiy omillar alohida qayd etib o'tildi. Qo'mita ma'lumotiga ko'ra, Chiroqchi tumaniga 1926 yilda asos solingan bo'lib, aholisi 420 ming kishini, umumiy er maydoni 2,8 ming km2 ni tashkil etadi. Bugungi kunda tumanda jami 2 137 ta korxona, shundan 324 ta sanoat korxonasi mavjud bo'lib, ular tomonidan 2021 yilda 7,4 mln dollarlik mahsulot eksport qilingan.
Shuningdek, tumanda 45 mingdan ortiq tarbiyalanuvchisi bo'lgan 230 ta maktabgacha ta'lim tashkiloti, 93 mingdan ortiq o'quvchisi bo'lgan 234 ta umumta'lim maktabi hamda 8 ta oilaviy poliklinika faoliyat yuritib kelmoqda.
Qayd etilganidek, bugungi kunda tuman markazidan eng chekka qishloqqacha bo'lgan masofa 65-100 km, jumladan, “Toshli” qishlog'i – 100 km, “Sarson” qishlog'i – 93 km va “Quruqsoy” qishlog'i – 65 km. Bu esa, aholining tuman markaziga borib-kelishi uchun 2-3 ta yo'lovchi transportidan foydalanishiga va bir kun yo'qotilishiga sabab bo'lmoqda.
Bundan tashqari, Chiroqchi tumanida 2021 yilda aholi jon boshiga sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 1,8 mln so'm (viloyatda 5,5 mln so'm), qishloq xo'jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish 8,2 mln so'm (viloyatda 8,7 mln so'm), xizmatlar hajmi esa 1,8 mln so'm (viloyatda 3,9 mln so'm)ni tashkil qilib, viloyat bo'yicha eng oxirgi o'rinda turibdi.
Shunga ko'ra, Chiroqchi tumanida yashayotgan aholiga ijtimoiy va maishiy qulayliklar yaratish hamda viloyatda rejalashtirilayotgan o'zgarishlar, urbanizatsiya jarayonlarini davlat tomonidan tartibga solish, ayniqsa aholi bandligini ta'minlash maqsadida, ushbu tumanning bir qismida Ko'kdala tumanini tashkil etish hamda uning markazini Ettitom shaharchasi etib belgilash nazarda tutilmoqda.
Bunda Chiroqchi tumanida istiqomat qilayotgan 420 ming nafar aholining 176,3 ming nafari, ya’ni 32 ta mahallada yashayotgan qismi Ko'kdala tumani tarkibiga o'tkazish rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, Ko'kdala tumani tarkibiga 162 ta sanoat korxonasi va 1 ta kichik sanoat zonasi (Ayritom) o'tkazilib, ishlab chiqariladigan mahsulot hajmining tuman sanoatidagi ulushi 151,9 mlrd so'mni yoki 38 foizni tashkil etadi.
“Ayritom” kichik sanoat zonasining 7 gektar maydonida muhandislik-infratuzilma ob’ektlari qurilib, yangi ishlab chiqarish quvvatlari yaratiladi.
Xalqaro ahamiyatdagi 94 km yo'l bo'yida 150 ta xizmat ko'rsatish ob’ektlari (516 ta ish o'rni), Ettitom hududidan o'tgan A-378 avtomagistral yo'li yoqasida 6 gektar erda xizmat ko'rsatish va savdo komplekslari tashkil etiladi. 10 ming gektar lalmi va adir erlarda tomchilatib sug'orish texnologiyasi asosida bog'-tokzorlar tashkil etiladi.
Natijada esa Ko'kdala tumani tarkibiga o'tkazilayotgan aholiga qulay sharoitlar yaratiladi hamda tumanning ijtimoiy-iqtisodiy salohiyati oshishiga xizmat qiladi.
Ushbu masala yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.
Shuning bilan Oliy Majlis Senati yigirma to'rtinchi yalpi majlisining birinchi ish kuni yakunlandi.
O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati