Saylovning tashkiliy - huquqiy asoslari muhokama qilindi
3813
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida “Fuqarolar yig'inlari raislari (oqsoqollari) saylovining tashkiliy - huquqiy asoslari” mavzusida seminar bo'lib o'tdi.
Tadbirda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a'zolari, fuqarolar yig'inlari raislari (oqsoqollari) saylovini tashkil etish va o'tkazishga ko'maklashuvchi Qoraqalpog'iston Respublikasi komissiyasi a'zolari, tuman va shahar komissiyasi raislari, ishchi guruh raislari, mahalliy Kengashlarning kotibiyat mudirlari, hokimliklarning tashkiliy-kadrlar guruhlari rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Yig'ilishni Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi Raisi o'rinbosari A.Davletov boshqarib bordi.

Qoraqalpog'iston Respublikasi Adliya vaziri S.Mambetqadirov Fuqarolar yig'inlari raislari (oqsoqollari) saylovining huquqiy asoslari, Qoraqalpog'iston Respublikasi Mahalla va nuroniylarni qo'llab-quvvatlash vaziri S.Turmanov 2019 yilda bo'lib o'tgan fuqarolar yig'inlari raislari (oqsoqollari) saylovini tashkil etish va o'tkazishda yo'l quyilgan kamchiliklar va ularni kelgusida oldini olish chora-tadbirlari, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo'mitasi raisining o'rinbosari, Respublika komissiyasi raisining o'rinbosari T.Madumarov Fuqarolar yig'inlari raislari (oqsoqollari) saylovini tashkil etish va o'tkazish jarayonida shahar va tuman komissiyalarining vazifalari, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati devonining Tashkiliy ishlar bo'limi mudiri, Respublika komissiyasi kotibi A.Boboev Fuqarolar yig'ini raisi (oqsoqoli) saylovini tashkil etish va o'tkazish jarayonida Ishchi guruhlarning vazifalari to'g'risida ma'ruza qildi.
Ta'kidlanganidek, Joriy yilning 16 mart kuni O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining “Fuqarolar yig'inlari raislari (oqsoqollari) sayloviga tayyorgarlik ko'rish hamda uni o'tkazish to'g'risida”gi qarori qabul qilindi. Ushbu qarorga muvofiq Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi Prezidiumining ham tegishli qarori qabul qilindi. Ushbu qarorlarga asosan, joriy yilning may oyida Qoraqalpog'iston Respublikasidagi barcha 424 ta o'zini o'zi boshqarish organida fuqarolar yig'inlari raislari saylovlarini o'tkazish belgilandi.
Shuningdek, “Fuqarolar yig'ini raisi (oqsoqoli) saylovi to'g'risida”gi Qonunga asosan fuqarolar yig'inlari raislari saylovini tashkil etish va o'tkazishga ko'maklashuvchi Qoraqalpog'iston Respublikasi, shahar va tuman komissiyalari hamda fuqarolar yig'ini raisi saylovini tashkil etish va o'tkazish bo'yicha har bir mahallada Ishchi guruhlar tuzildi.
O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining qarori bilan tasdiqlangan tadbirlar rejasida saylovlarni tashkil etish va o'tkazishga ko'maklashuvchi Qoraqalpog'iston Respublikasi, shahar va tuman komissiyalari hamda Ishchi guruhlar uchun amaliy seminarlar tashkil etish belgilangan. Chunki, fuqarolar yig'inlari raislari saylovini tashkil etish va uni yuqori darajada o'tkazish har birimizdan katta mas’uliyatni talab qiladi.


Tadbir ishtirokchilari saylovlarni tashkil etish va o'tkazish borasida o'zlarini qiziqtirgan savolarga batafsil javob oldi.
Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesining Axborot xizmati







