JO'QORG'I KENGES QO'MITASI YIG'ILIShIDA
1877
Suv xo'jaligi vazirining axboroti eshitildi
Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesining Agrar, suv xo'jaligi, tabiatni muhofaza qilish va ekologiya masalalari qo'mitasining videokonferentsaloqa tarzida yig'ilishi bo'lib o'tdi. Unda Jo'qorg'i Kenges deputatlari va tumanlardagi studiyalardan hokim o'rinbosarlari, qishloq va suv xo'jaligi bo'lim rahbarlari ishtirok qildi.
Yig'ilishni Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesining Agrar, suv xo'jaligi, tabiatni muhofaza qilish va ekologiya masalalari qo'mitasi raisi D.Utambetov ochdi va boshqarib bordi.
Yig'ilishda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 24 fevraldagi PQ-5005-son qarori bilan tasdiqlangan “O'zbekiston Respublikasida suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirishning 2021 — 2023 yillarga mo'ljallangan STRATEGIYaSI”da belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan o'tgan 2021 yilda amalga oshirilgan ishlar bo'yicha Qoraqalpog'iston Respublikasi Suv xo'jaligi vazirligining axboroti eshitildi.
Ta'kidlanganidek, Strategiya doirasida hududlardagi suv xo'jaligi ob’ektlarida keng ko'lamli ishlar amalga oshirildi. Jumladan, o'tgan yilda belgilangan dastur asosida 16 ta irrigatsiya ob’ektlarida 44,3 km uzunlikdagi kanallarda qurilish va rekonstruktsiya ishlari amalga oshirildi. Shuningdek, 6 ta jami 28,5 km uzunlikdagi meliorativ ob’ektlarda qurilish va rekontstruktsiya ishlari bajarildi. Shu bilan birga 21 ta meliorativ ob’ektlarning 1256,4 km qismida ta'mirlash va tiklash ishlari amalga oshirildi.
Suv xo'jaligi vazirligi tasarrufidagi nasos stantsiyalaridagi eski agregatlar va elektrodvigatellar yangisiga almashtirildi. Shuningdek, nasos stantsiyalaridagi 65 dona nasos agregatlariga chiqarayotgan suv miqdorini “onlayn” monitoring etuvchi qurilmalar o'rnatildi.
Yig'ilishda “Janubiy Qoraqalpog'istonda suv resurslarini boshqarishni yaxshilash” loyihasi doirasida hamda hududlarda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham axborot berildi.
Muhokama va fikr-mulohazalardan so'ng Qoraqalpog'iston Respublikasi Suv xo'jaligi vazirligining axboroti yig'ilish qarori bilan ma'lumot uchun qabul qilindi hamda Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesining navbatdagi sessiyasida tinglash uchun tavsiya etildi.




