Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining to‘rtinchi sessiyasi to‘g‘risida axborot
Joriy yilning 29 aprel kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining to‘rtinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Sessiyada O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Hukumat a’zolari, Respublika va soha rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari, shuningdek, Jo‘qorg‘i Kenges deputatlari ishtirok etdi. Sessiyani Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi Amanbay Orinbaev kirish so‘zi bilan ochdi va boshqarib bordi.
Sessiya kun tartibidagi dastlabki masala "Qoraqalpog‘iston Respublikasining ayrim qonunlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qonuni loyihasi haqida bo‘lib, bu masala bo‘yicha Jo‘qorg‘i Kengesning Mahalliy hokimiyat vakillik va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari hamda davlat organlarining ochiqligini ta’minlash masalalari qo‘mitasi raisi Sh.Otemisov so‘zga chiqdi.
Mazkur Qonun 5 ta moddadan iborat bo‘lib, Qoraqalpog‘iston Respublikasining 2013-yil 5-iyuldagi "Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida"gi va Qoraqalpog‘iston Respublikasining 2019-yil 27-martdagi "Fuqarolar yig‘ini raisini saylash to‘g‘risida"gi qonunlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Kun tartibidagi dastlabki masala to‘liq ko‘rib chiqildi va deputatlar tomonidan qaror qabul qilindi.
Kun tartibidagi keyingi masala Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Sanoat, qurilish, transport va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi tomonidan qilinayotgan ishlar haqida Jo‘qorg‘i Kengesining Sanoat, qurilish, transport va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasining axboroti to‘g‘risida bo‘lib, bu masala bo‘yicha qo‘mita raisi I.Sdikov so‘zga chiqdi. Qayd etilganidek, qo‘mita tomonidan bugungi kunga qadar sanoat, qurilish, transport va energetika sohasini rivojlantirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni keng yoyish, "yashil energiya" ulushini oshirish borasida aholini qiynab kelayotgan masalalarni hal etish bo‘yicha bir qancha ishlar amalga oshirildi. Shuningdek, hurmatli Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan qarorlar, belgilab berilgan vazifalarning bajarilishini ta’minlash choralari ko‘rilib, bu ishlar yana davom ettirilmoqda.
Shu bilan birga, tegishli Prezidium qarorlari qabul qilindi. Qo‘mitaga a’zo deputatlar tomonidan hududlarda aholini qiynab kelayotgan masalalar yuzasidan vazirlik, idora va tashkilotlarga deputatlik so‘rovlari yuborilib, muammolarga ijobiy yechim topish choralari ko‘rildi. Shundan so‘ng kun tartibidagi masala batafsil ko‘rib chiqilib, deputatlar tomonidan maxsus qaror qabul qilindi.
Kun tartibidagi keyingi masala Yoshlarni ilm-fanga qiziqtirish va ilmiy faoliyatga jalb etish bo‘yicha ta’lim muassasalarida olib borilayotgan ishlar haqida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi o‘rinbosarining hisoboti to‘g‘risida bo‘lib, bu masala bo‘yicha Vazirlar Kengashi Raisi o‘rinbosari B.Otemuratov so‘zga chiqdi.
Bu masala ham batafsil ko‘rib chiqildi va deputatlar tomonidan qaror qabul qilindi. Sessiya majlisining kun tartibidagi keyingi masala Jo‘qorg‘i Kenges Prezidiumining tegishli qarorlarini tasdiqlash masalasi haqida bo‘lib, bu masala ham batafsil ko‘rib chiqildi. Kun tartibidagi masala yuzasidan deputatlar tomonidan qaror qabul qilindi. Shu bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining to‘rtinchi sessiyasi o‘z ishini yakunladi.