Jo‘qorg‘i Kenges Raisi Kegeylida aholining farovon turmushini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarni ko‘zdan kechirdi
Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo‘qorg'i Kengesining Raisi Amanbay Orinbaev Kegeyli tumanida aholining farovon turmushini ta'minlash, fuqarolarning daromad olishiga ko‘maklashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish maqsadida tumanda bo‘ldi.
Dastlab, Jo‘qorg'i Kenges Raisi tumandagi pillakorlar tomonidan pilla parvarishi bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Bundan so‘ng Obodonlashtirish boshqarmasi maydonlarida manzarali va mevali daraxt ko‘chatlarini etishtirish bo‘yicha ishlar ko‘rib chiqildi. Kamchiliklar ko‘rsatib o‘tilib, pitomniklar faoliyatini samarali tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Tumanda «LANKO MIYA» qo‘shma korxonasi tomonidan yangi yirik hajmli mebel uchun maxsus mahsulotlar ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirilayotgan bo‘lib, korxona faoliyati ko‘zdan kechirildi. Ishlarni jadallashtirish bo‘yicha uchrayotgan muammolar tinglanib, shu joyning o‘zida ijobiy echim topish bo‘yicha mutasaddilarga aniq topshiriqlar berildi.
Kegeyli tumani «Aqtuba» ovul fuqarolar yig'ini hududida qad rostlagan "Yangi O‘zbekiston" massivi hududida barpo etilayotgan ko‘p qavatli binolar qurilishi jarayoni ham ko‘zdan kechirildi. Mutasaddilarga qurilish ishlarini jadallashtirish, shuningdek, sifatli qilib bajarilishini ta'minlash bo‘yicha topshiriq berildi.
Jo‘qorg'i Kenges Raisi «Nurli bo‘ston» MFY hududida tadbirkorlik sub’ektlarining ishlari bilan yaqindan tanishdi. Xususan, maishiy xizmat ko‘rsatish markazi, "Kegeyli mebel" MChJning mebel ishlab chiqarish korxonasi, "Milliy kiyimlar" savdo shoxobchasining tikuv tsexlari ko‘zdan kechirilib, tadbirkorlar doimiy qo‘llab-quvvatlanishi ta'kidlandi.
«Jilo‘an jap» MFY hududida tomorqasidan samarali foydalanayotgan Rima Bazarbaevaning issiqxonasidagi ishlari ko‘zdan kechirildi. Uning oz erdan mo‘l hosil olishga qaratilgan tashabbusi ko‘pchilikka namuna bo‘lishi kerakligi ta'kidlanib, qo‘shimcha issiqxonasini kengaytirish uchun 10 mln. so‘m mablag' ajratish bo‘yicha mas’ullarga topshiriq berildi.