Respublika ishchi guruhi tomonidan Nukus shahrida sayyor qabul o‘tkazildi
Bugungi kunda mamlakatimizda inson manfaatlari oliy qadriyat darajasiga ko‘tarilgan bo‘lib, bunda barcha chora-tadbirlar «Inson qadri uchun», ezgu amallar esa «Inson manfaatlari hamma narsadan ustun» degan tamoyil asosida hayotda o‘z aksini topmoqda. Bunda fuqarolarning muammolarini o‘rganish va bartaraf etish, qonuniy manfaatlarini ta'minlash yo‘lida barcha choralar ko‘rilmoqda.
Shuni alohida ta'kidlash kerakki, joriy yilning 6-10 may kunlari respublika Ishchi guruhi tomonidan fuqarolarning murojaatlari va aholini qiynab kelayotgan muammolariga echim topish bo‘yicha joylarda sayyor qabullar o‘tkazilishi belgilangan edi. Shu asosda Nukus shahridagi «Mono markaz» binosida Xo‘jayli, Nukus, Taxiatosh tumanlari hamda Nukus shahri fuqarolarining murojaatlari ko‘rib chiqildi.
O‘tkazilgan qabulda ham aynan shu yo‘nalishda fuqarolarning xohish-istaklari, ularni qiynayotgan muammolari tinglandi.
Unda o‘z muammolari bilan 450 ga yaqin fuqaro kelgan bo‘lib, 476 masala bo‘yicha murojaat etdi. Shundan, 146 ta murojaat, ya’ni, umumiy 31 foizi joyida hal qilib berildi.
Sud-huquq, soliq, avtomobil yo‘llari, bandlik kabi 123 ta masalaga asosli tushuntirishlar berilgan bo‘lsa, muddat talab etiladigan 207 ta murojaat nazoratga olindi va qisqa muddatda o‘rinli echim topish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berildi.