Jo‘qorg'i Kenges Raisining tadbirkorlar uchun sayyor qabuli o‘tkazildi
Joriy yilning 11 may kuni Nukus shahrida Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo‘qorg'i Kengesi Raisi Amanbay Orinbaevning Nukus shahri, Taxiatosh, Xo‘jayli va Nukus tumanlaridagi tadbirkorlarni qiynab kelayotgan muammolar va takliflari bo‘yicha sayyor qabuli bo‘lib o‘tdi.
Dastlab, Jo‘qorg'i Kenges Raisi bugungi kunda hurmatli Prezidentimiz tomonidan Qoraqalpog'istonda tadbirkorlikni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash, investitsion jozibadorlikni oshirish bo‘yicha alohida qabul qilingan farmon va qarorlari asosida yaratilgan imkoniyatlarni keng turda ta'kidlab o‘tdi. Bundan so‘ng tadbirkorlarning murojaatlari tinglandi.
Qabulda tadbirkorlar tomonidan asosan o‘z biznesini rivojlantirish borasida duch kelayotgan muammolar, byurokratik to‘siqlar, moliyalashtirish va kredit ajratish masalalari, kadastr, qurilish, er ajratish borasida murojaatlar bildirildi. Jo‘qorg'i Kenges Raisi tomonidan barcha muammolar tinglandi va bildirilgan murojaatlarning ko‘pchiligiga joyida echim topish choralari ko‘rildi. Vaqt talab etiladigan murojaatlar nazoratga olinib, tez fursatda ijobiy hal etish bo‘yicha tegishli soha rahbarlariga topshiriqlar berildi.