Xalqaro oila kuni keng nishonlandi
Bugun Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida 15 may - Xalqaro oila kuni munosabati bilan bayram tantanasi o‘tkazildi.
Unda Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo‘qorg'i Kengesining Raisi Amanbay Orinbaev so‘zga chiqib, yig'ilganlarni tabrikladi.
Ta'kidlanganidek, yurtimizda hurmatli Prezidentimiz rahbarligida oilaning jamiyat hayotidagi o‘rnini oshirish, uni ijtimoiy, iqtisodiy va ma'naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, oilalarda o‘zaro hamjihatlik, tinchlik, totuvlik muhitini yanada kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Darhaqiqat, xalqimiz azaldan oilani Vatan ichidagi Vatan, jamiyatimizning asosiy bo‘g'ini, milliy qadriyatlarimizni o‘zida mujassam etgan muqaddas dargoh sifatida alohida qadrlab va e’zozlab kelgan. Chunki, barcha ezgu ishlar oiladan boshlanib, undan mahallaga va jamiyatga kirib boradi.
Tantanali bayram tadbirida shahar va tumanlardagi namunali oila egalariga «Ibratli oila» ko‘krak nishonlari topshirildi. Shuningdek, «Yangi O‘zbekistonning ibratli oilasi» ko‘rik-tanlovining Qoraqalpog'iston Respublikasi bosqichi g'oliblari munosib taqdirlandi.
Bundan so‘ng san’at va madaniyat xodimlari ijrosidagi kontsert dasturi yig'ilganlar e’tiboriga havola etildi.
Bayram tadbirlari «Do‘stlik» kanali bo‘yida teatrlashtirilgan chiqishlar bilan davom etdi.